Xitoy AQSHga keskin norozilik bildirdi
Olam
−
02 fevral 8835 2 daqiqa
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan AQSHda Xitoy kompaniyalari xodimlarining asossiz hibsga olinishi va so‘roq qilinishiga qarshi keskin norozilik bildirdi. Bu haqda u bugun, 2 fevral kuni o‘tkazilgan mautbuot anjumanida so‘z ochdi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, AQSH huquqni muhofaza qilish idoralari yaqinda Xitoy kompaniyalari xodimlarini uzoq va asossiz so‘roq qilish, hibsga olish va deportatsiya qilish bilan shug‘ullangan.
“Xitoy bu borada qat’iy norozilik bildirishini ma’lum qilamiz”, degan Lin Szyan.
U Amerika huquq-tartibot idoralarini Xitoy fuqarolarining qonuniy huquqlarini buzishda va ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes muhitiga putur yetkazishda ayblagan. Lin Szyan Vashingtonni bunday harakatlarni darhol to‘xtatishga chaqirgan. Shuningdek, Pekin o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etishi haqida ogohlantirgan.
Bungacha Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin AQSH Eron bilan hamkorlikka 25 foizli bojlar joriy etsa, Pekin o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilish niyatida ekanligini aytgan edi. Diplomat Xitoy bunday masalalarda aniq va qat’iy pozitsiyani saqlab qolishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQSHni Tayvan bilan rasmiy muloqotlarni zudlik bilan to‘xtatishga va orol mustaqilligiga intilayotgan “separatistik kuchlar”ga har qanday noto‘g‘ri signal yuborishdan tiyilishga qat’iy chaqirgandi.
Live
Barchasi