Xitoy avtomobili tezlik bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatdi (video)

Texnologiya

image

Germaniyadagi Automotive Testing Papenburg poligonida o‘tkazilgan test davomida Xitoyning BYD kompaniyasi ishlab chiqargan YangWang U9 Extreme elektr giperkari 496,22 km/soat maksimal tezlikka erishdi va rekord o‘rnatdi. Bu haqda joriy yilning 20 sentyabr kuni “CarNewsChina” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu tezlik seriyali ishlab chiqariladigan avtomobillar uchun mutlaq rekord bo‘lib, avvalgisi 2019 yildan buyon Bugatti Chiron Super Sport 300+ ga (490,48 km/soat) tegishli edi.

Garchi seriyali avtomobillar uchun rasmiy tezlik rekordi qarama-qarshi yo‘nalishda ikki marta o‘tkazilgan treklarning (poyga yoki sinov maqsadida avtomobilning ma’lum masofani bosib o‘tishi) o‘rtacha qiymati asosida hisoblab chiqilsa-da, U9 Extreme bir tomonga yo‘nalgan trekda ushbu natijaga erishgan. Shunga qaramay, bu yutuq ham alohida e’tirof etilgan. Chunki, Bugatti’ning rekordi ham bir tomonlama trekda qayd etilgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, giperkardagi to‘rtta elektrodvigatel umumiy hisobda qariyb 3000 ot kuchiga ega. Shuningdek, model dunyoda ilk seriyali 1200 V kuchlanishga ega platformalardan biri asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ixchamroq va yengilroq elektr tizimi, jumladan, kabellar, invertorlar va sovitish elementlari hisobiga yuqori unumdorlik, samaradorlik va og‘irlikni kamaytirishni ta’minlaydi.

Bugatti Chiron Super Sport 300+ singari YangWang U9 Extreme ham cheklangan miqdorda – 30 donadan oshmagan seriyada chiqariladi. Model narxi hali e’lon qilinmagan, biroq texnik xususiyatlarga qaraganda, u elita toifaga mos bo‘lishi kutilmoqda va talab taklifdan oshib ketishi taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik milliarder, Tesla va SpaceX kompaniyalari egasi Ilon Mask haydovchisiz taksi (robotaksi) xizmatini yo‘lga qo‘yish rejasini ma’lum qilgandi. Haydovchisiz elektromobillar bo‘yicha birinchi sinov safarlari Texasning Ostin shahrida boshlanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

YangWang U9 Extreme avtomobi elektr giperkar tezlik rekordi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar