Xitoy blekaut keltirib chiqaradigan qurol yasadi

Olam

image

Xitoy 10 ming kvadrat metr maydondagi energiya ta’minoti tizimlarini ishdan chiqarishga qodir qurol ishlab chiqdi. Bu elektr stansiyalari va yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini ishdan chiqarishga qodir yangi turdagi grafit bombasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesiga tayanib, “The South China Morning Post” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bomba yer usti transport vositasi yordamida uchiriladi. U havoda portlashdan avval 90 dona silindrsimon kichik qurollarni (subbo‘linmalarni) tashlab yuboradi. Ular portlagach, havo bo‘shlig‘ida elektr tokini o‘tkazuvchi ingichka uglerod tolalari hosil qiladi va bu tolalar yuqori kuchlanishli tarmoqlarda qisqa tutashuv chaqirib, butun tizimni ishdan chiqaradi.

Ushbu qurolning zarba kuchi masofasi 290 kilometrga baholanmoqda, jangovar qismning og‘irligi esa 490 kilogrammni tashkil etadi. Qurolning to‘liq texnik xususiyatlari oshkor etilmagan. Xitoy ilgariroq zamonaviy urush usullariga moslashish va kelajak urushlarida g‘alaba qozona olish salohiyatini isbotlashga va’da bergan.

Ayrim texnologiyalar masalan, sun’iy intellekt boshqaruvidagi dronlar va giperyorug‘lik qurollari joriy yilning 3 sentyabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tadigan, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan paradda namoyish qilinadi. Tadbirda kiberqo‘shinlar va radioelektron kurash kuchlari ham ishtirok etadi.

Qayd etish joiz, joriy yil aprel oyida Xitoy magniy gidrid asosida yadrosiz vodorod bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgandi. Portlash vaqtida ikki kilogrammli qurilma 1000 darajadan yuqori haroratga ega olovli shar hosil qiladi. Bu shar trotil portlashiga qaraganda 15 barobar uzoqroq vaqt davomida saqlanib turadi. Bomba mualliflarining bildirishicha, undagi moddalarning o‘zaro kombinatsiyasi portlash kuchini aniq sozlash va katta hududdagi nishonlarni teng zararlash imkonini beradi.

2024 yil noyabr oyida esa Xitoy elektromagnit to‘lqinlarni sinxronlashtirib, aniq yo‘naltirishga qodir energetik qurol ishlab chiqqanini e’lon qilgan. Bu tizimni “Yulduzlar jangi” filmidagi “O‘lim yulduzi” bilan taqqoslashgan. Ushbu tizim sun’iy yo‘ldoshlar, xususan, GPS signalini to‘sishga qodir bo‘lib, faqat harbiy emas, balki ilmiy tadqiqotlar uchun ham ishlatilishi mumkinligi aytilgan.

Grafit bombalari AQSHda ham mavjud. Masalan, BLU-114/B snaryadi – tok o‘tkazuvchi uglerod asosidagi kompozit materialdan tayyorlangan tolali bombadir. AQSH bu bombalarni birinchi marta 1991 yilda Iroqqa qarshi urushda qo‘llab, mamlakatni elektr energiyasining 85 foizidan mahrum qilgan. 1999 yilda esa ular Yugoslaviya urushida qo‘llandi. Oqibatda mamlakat hududining 70 foizi elektrsiz qolgan.

Janubiy Koreya ham Shimoliy Koreya bilan ehtimoliy urush holatida foydalanish uchun grafit bombalari ishlab chiqilayotganini bildirgan. Bu qurol Mudofaa taraqqiyot agentligi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, oldindan zarba berish dasturi doirasidagi elementlardan biridir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda odamlar yangi J-36 rusumli yangi avlod qiruvchi samolyotining qo‘nishini videoga olishga muvaffaq bo‘lgandi. Xitoy Mudofaa vazirligi va Harbiy-havo kuchlari bu borada hech qanday izoh bermagan, biroq G‘arb tahlilchilar ushbu samolyotlarni oltinchi avlod jangovar samolyotlari deb baholagan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy blekaut grafit bomba

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing