Xitoy fuqarolarini Yaponiyaga bormaslikka chaqirdi
Olam
−
26 yanvar 4351 2 daqiqa
Bugun, 26 yanvar kuni Xitoy rasmiylari o‘z fuqarolarini Yaponiyaning eng uzun davlat ta’tili – Yangi yil bayrami vaqtida ushbu mamlakatga safar qilmaslikka chaqirdi. Bunga sabab sifatida Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi Tayvan yuzasidan ziddiyatlar ko‘rsatildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Yaponiyada “Xitoy fuqarolariga qarshi jinoyatlar soni oshgani”, shuningdek, zilzilalar xavfi mavjudligi qayd etilgan. Unga ko‘ra, xitoyliklar Yaponiyada jiddiy tahdidlariga duch kelishi mumkin.
Qayd etish joiz, Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi 2025 yil noyabr oyida Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Tokio harbiy javob berishi mumkinligi haqida aytgandi. Takaichining ushbu bayonoti Xitoy rasmiylarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Buning ortidan eksport cheklovlari, ayrim aviaqatnovlarning bekor qilinishi hamda davlat OAVlarida Yaponiya tanqid qilingandi.
Shundan so‘ng Xitoy Mudofaa vazirligi Tokioni Tayvan masalasida kuch ishlatishga aralashsa, “qattiq harbiy mag‘lubiyatga uchrashi” mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Yaponiya Turizm vazirining ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida Yaponiyaga kelgan xitoylik sayyohlar soni 45 foizga kamaygan. Shunga qaramay, mamlakatga tashrif buyurgan umumiy sayyohlar soni rekord darajaga yetgan.
Xitoy o‘z fuqarolarini Yaponiyaga borishdan qaytarar ekan, mamlakat Janubiy Koreya bilan aloqalarni mustahkamlash fonida vizasiz rejim joriy etgan. Islohotlar ortidan Janubiy Koreyadan Xitoyga, Xitoydan Janubiy Koreyaga sayohat qiluvchi turistlar soni sezilarli darajada oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Yaponiya bilan keskinlashuv fonida Koreya bilan aloqalarni yaxshilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi