Xitoy Rossiya gazini uch baravar qimmatga qayta sotishni boshladi
Olam
−
02 aprel 14585 2 daqiqa
Xitoy suyultirilgan tabiiy gazni (STG) rekord darajadagi hajmda qayta sotishni va narxlar ko‘tarilishidan daromad olishni boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan so‘ng Osiyoda STG narxlari qariyb 85 foizga oshdi. Buning asosiy sababi – dunyo STG oqimining qariyb 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishning buzilgani bo‘ldi.
Xitoyga STG importi ham keskin kamaydi: mart oyida u 3,68 million tonnani tashkil etdi – bu 2018 yil aprelidan beri eng past ko‘rsatkichdir. Ammo Xitoy Rossiyadan gaz olmoqda va o‘z qazib olish hajmiga ega.
“Quvur orqali yetkazib berish va ichki qazib olish barqaror bo‘lib qolmoqda”, deydi “Kpler” tahlilchisi Nelson Syun.
Mart oyida Xitoy 10 tagacha STG partiyasini qayta sotgan – bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir (ICIS, Kpler va Vortexa ma’lumotlariga ko‘ra). Yil boshidan beri 1,31 million tonna STG (19 partiya) sotilgan, vaholanki 2025 yil davomida bu ko‘rsatkich 0,82 million tonna edi. Asosiy yo‘nalishlar – Janubiy Koreya (10 partiya), Tailand (5), shuningdek, Yaponiya, Hindiston va Filippin.
Xitoy Rossiya bilan tuzilgan arzon uzoq muddatli shartnomalari va qimmat spot bozori o‘rtasidagi farqdan (arbitraj) foyda ko‘rmoqda. Rossiyaning quvur orqali keladigan gazi Xitoy uchun 1000 kub metr uchun taxminan 250 dollarga tushadi. Shu bilan birga, Osiyoda spot narxlari 1000 kub metr uchun 830 dollargacha ko‘tarilgan. Qayta sotishda Xitoyning marjasi sotib olish narxidan uch baravar yuqori bo‘lishi mumkin. Har bir standart STG partiyasi (taxminan 70 million kub metr) 40 million dollargacha foyda keltirishi mumkin.
Shuningdek, Xitoy Rossiya STGsini chegirma bilan sotib olgan. “Novatek” kamida yoz oxiridan beri Xitoy xaridorlariga “Arktik STG-2” loyihasi yoqilg‘isi uchun 30-40 foizlik chegirma taqdim etmoqda. Nazariy jihatdan, bu ham qayta sotishda foydani oshirishi mumkin.
Qayta sotish hajmining o‘sishi Xitoyda ichki talabning kamayishi bilan bog‘liq.
“Ichki talab sustligi fonida xaridorlarga partiyalarni chet elga qayta sotish foydaliroq”, deydi ICIS tahlilchisi Van Yuanda.
Mart oyidagi qayta sotishning qariyb yarmi Szyansu provinsiyasidagi CNOOC kompaniyasining Binxay terminali hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahonda suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti so‘nggi olti oy ichida eng past darajaga tushgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi