Rossiya O‘zbekistonga neft-gaz yetkazib berish hajmini oshiradi

Olam

image

O‘zbekiston va Rossiya neft-gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda bugun, 13 aprel kuni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi bo‘yicha yetakchilar qatoriga kiradi. O‘tgan yili o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 12,5 foizga o‘sdi va hozirda taxminan bir trillion rublga yaqinlashdi. Davlat rahbarlarining kelishuvlariga muvofiq, biz 2030 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirishimiz kerak. Bunday rejalarni amalga oshirish uchun zarur baza mavjud deb hisoblayman”, deydi Mishustin.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov yig‘ilish avvalida O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va hamkorlik munosabatlari hozirgi vaqtda prinsipial jihatdan yangi bosqichga chiqqanini ta’kidlagan.

“So‘nggi 5 yil ichida ikki tomonlama tovar aylanmasi ikki barobarga o‘sdi va 2025 yil yakunlariga ko‘ra, siz ta’kidlaganingizdek, 13 milliard dollardan oshdi. Bizning ma’lumotlarimizga ko‘ra, bu ijobiy dinamika joriy yilda ham saqlanib qolmoqda: yilning dastlabki 2 oyi davomida savdo hajmi yana 30 foizga o‘sdi”, deydi Aripov.

Uning qayd etishicha, 2030 yilgacha qo‘shma tovar aylanmasini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini bajarish maqsadida O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish hisobiga sezilarli darajada kengaytirmoqda. 

Shuningdek, Mishustin energetika sohasini hamkorlikni kuchaytirish uchun asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqilayotganini ta’kidlagan. U Rossiya loyihasi asosida O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlanganini eslatib o‘tgan.

“Ushbu keng ko‘lamli tashabbusning amalga oshirilishi, shubhasiz, O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasiga qo‘shimcha turtki beradi, aholi va biznesni o‘n yillar davomida tinch atom energiyasi bilan ta’minlashni kafolatlash imkonini taqdim etadi”, deydi Mishustin.

Shu bilan birga, u yoqilg‘i sektoridagi hamkorlik ham faol rivojlanyotganini qo‘shimcha qilgan.

“Rossiya nefti va tabiiy gazini yetkazib berishni davom ettirish va ularning hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston hududida yangi quduqlarni burg‘ilash, qayta ishlash tizimi va gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda”, deydi Rossiya Bosh vaziri.

Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, respublikada qiymati 4 trillion rubldan ortiq bo‘lgan 150 ga yaqin investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya neft'-gaz Abdulla Aripov Mixail Mishustin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing