Xitoy suv ostida tezlashdi: Vashingtonning dengiz ustunligi xavf ostidami?
Olam
−
17 fevral 857 2 daqiqa
So‘nggi besh yilda Xitoy yadro suvosti kemalarini AQSHdan tezroq ishlab chiqara boshlagan. Institute for Strategic Studies (IISS) hisobotiga ko‘ra, 2021–2025 yillarda Pekin 10 ta atom suvosti kemasini suvga tushirgan bo‘lsa, Vashington 7 ta bilan cheklangan. Og‘irlik bo‘yicha ham ustunlik XXR tomonida — 79 ming tonnaga qarshi 55,5 ming tonna. Bu haqda CNN yozdi.
Bu keskin burilish. 2016–2020 yillarda aksincha, AQSH yetakchi edi. Endi esa Xitoy nafaqat hujumkor, balki ballistik raketali atom suvosti kemalari sonini ham oshirmoqda. IISS’ning “Military Balance 2025” ma’lumotida XXR 12 ta Vashington esa jami 65 ta faol yadro suvosti kemasiga egalik qilishi qayd etilgan. Biroq ishlab chiqarish sur’ati tendensiyani o‘zgartirishi mumkin.
Pekin “Bohay” kemasozlik zavodini kengaytirib, yangi avlod Type-096 strategik kemalarini tayyorlamoqda. Ular yadroviy uchlik (quruqlikdagi, bombardimonchi va dengiz komponenti)ni yanada mustahkamlaydi. Bundan tashqari, vertikal uchirish tizimiga ega yangi platformalar uzoq masofali kemaga qarshi raketalarni ham olib yurishi mumkin.
Vashington esa ichki muammolar bilan kurashmoqda. “Congressional Research Service” hisobotida AQSH harbiy-dengiz kuchlari yiliga ikki dona “Virginia-class” kemasi qurish rejasidan ortda qolayotgani aytiladi. Yangi “Columbia-class” loyihasi ham kechikmoqda. Natijada 2030 yilga borib hujumkor suvosti kemalari soni 47 tagacha tushishi, ya’ni “eng past nuqta”ga yetishi kutilmoqda.
Albatta, sifat masalasida AQSH ustun. G‘arb ekspertlariga ko‘ra, Xitoy kemalari hali ham shovqin darajasi va yashirinlik bo‘yicha ortda. Ammo dengiz strategiyasida son ham hal qiluvchi omil. Ayniqsa, XXR allaqachon dunyodagi eng yirik harbiy-dengiz flotlaridan biriga ega ekani hisobga olinsa.
Xulosa shuki, suv ostidagi poyga endi tezlik bosqichiga o‘tdi va bu poyga nafaqat Tinch okeani, balki global kuch muvozanatini ham belgilab berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy sanoat robotlari bo‘yicha dunyodagi eng yirik bozorga aylangani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, zavodlarda payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlari tobora ko‘proq robotlar zimmasiga o‘tmoqda. Hatto, “qorong‘i fabrikalar” – deyarli inson ishtirokisiz ishlaydigan korxonalar ham paydo bo‘lgan. Aynan yuqori avtomatlashtirish darajasi Pekinga elektromobillar va quyosh panellarini arzon va katta hajmda ishlab chiqarish imkonini bermoqda.
Live
Barchasi