Jenevada ilk kelishuv: Eron va AQSH “yo‘l xaritasi”ga rozi bo‘ldi
Olam
−
17 fevral 1684 2 daqiqa
Jenevada o‘tgan navbatdagi bilvosita muzokaralarda Eron va AQSH yadroviy masala bo‘yicha asosiy “yo‘l ko‘rsatuvchi tamoyillar” yuzasidan umumiy kelishuvga erishdi. Bu haqda bugun, 17 fevral kuni muzokaralardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.
Aroqchi “yangi imkoniyat oynasi ochilgani”ni ta’kidlar ekan, bu hali yakuniy bitim imzolanganini anglatmasligini ham qayd etgan. Keyingi bosqichda hujjatlar almashiladi va uchinchi raund sanasi belgilanadi. Muzokaralar Ummon vositachiligida o‘tmoqda.
Shu bilan birga, vaziyat hanuz tarang. Vashington mintaqada harbiy kuchlarini oshirgan, Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozining ayrim qismlarini vaqtincha yopish orqali mashqlar o‘tkazayotganini ma’lum qilgan. Eron oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiy AQSHning bosimi hukumatni ag‘darishga olib kelmasligini bildirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa diplomatiyani afzal ko‘rishini aytgan bo‘lsa-da, kelishuvga erishilmasa “oqibatlar bo‘lishi”ni yana bir bor eslatgan. Shu fon ortida neft narxi pasaygan, bozorlar yaqin fursatdagi keskin uzilish xavfi yumshaganini bildirgan.
Tehron sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dastur bo‘yicha cheklovlarni muhokama qilishga tayyorligini bildirmoqda, ammo uran boyitishni to‘liq to‘xtatish yoki raketa dasturini muhokama qilishni rad etmoqda. Vashington esa kengroq kelishuv tarafdori.
Hozircha muzlar to‘liq erigani yo‘q. Biroq Jenevadagi muloqotlar uzoq yillik qarama-qarshilikda ehtimoliy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Hormuz bo‘g‘ozi hududida harbiy-dengiz mashqlarini boshlagani xabar qilingandi. Mashg‘ulotlar dengiz kuchlarining “ehtimoliy harbiy va xavfsizlik tahdidlariga” tayyorgarligini baholash maqsadida tashkil etilgan.
Live
Barchasi