Xitoy o‘z kompaniyalariga AQSH sanksiyalariga amal qilmaslikni buyurdi
Olam
−
05 may 2906 2 daqiqa
Xitoy o‘z mamlakatidagi kompaniyalarga Eron nefti savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan beshta Xitoy neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) nisbatan qo‘llangan AQSH sanksiyalariga amal qilmaslikni buyurdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Pekinning bu qarori Amerika cheklovlari oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qadam. Ma’lumki, AQSH o‘tgan oyda Hengli Petrochemical (Dalian) Refinery Co. neftni qayta ishlash korxonasiga hamda yana bir qancha xususiy qayta ishlash kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etgan. Ushbu cheklovlar aktivlarning muzlatilishiga va bitimlar tuzishning taqiqlanishiga olib keldi.
Bugun, 5 may kuni Xitoy Savdo vazirligi AQSHning ushbu choralari uchinchi davlatlar bilan bo‘ladigan normal savdo-sotiqni noqonuniy ravishda cheklashini va xalqaro me’yorlarni buzishini ma’lum qilgan. Shu munosabat bilan, vazirlik AQSH tomonidan beshta kompaniyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni tan olish, ularga rioya qilish va ijro etishni taqiqlovchi farmon chiqargan.
“Xitoy mamlakatdagi kompaniyalarga Eron nefti savdosi bilan bog‘liq beshta Xitoy NQIZlariga qarshi AQSH sanksiyalariga amal qilmaslikni buyurdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, joriy yid aprel oyi oxirida AQSH Xitoyning neftni qayta ishlash zavodlaridan biriga, shuningdek, Eron neftini tashuvchi o‘nlab kema qatnovi kompaniyalari va tankerlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llagani ma’lum bo‘lgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, AQSH Eronning “soyadagi bank tizimi”ga aloqador 35 nafar shaxs va tuzilmaga nisbatan ham sanksiyalar joriy etdi. Bundan tashqari, Vashington Xitoy NQIZlari bilan ishlaydigan va Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgani uchun Eronga haq to‘laydigan banklarni ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Savdo vazirligi Yevropa Ittifoqining yettita aerokosmik kompaniyasini eksport nazorati ostidagi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi. Sanksiyalar joriy etilishiga ushbu kompaniyalarning Tayvan bilan harbiy hamkorligi sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi