Xitoy YeI kompaniyalarini “qora ro‘yxat”ga tiqdi
Olam
−
09:54 2077 2 daqiqa
Xitoy Tijorat vazirligi Yevropa Ittifoqining yettita aerokosmik kompaniyasini eksport nazorati ostidagi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu kompaniyalarga Xitoydan “ikki xil maqsadda qo‘llaniladigan” (ham harbiy, ham fuqarolik) tovarlarni olish taqiqlanadi. Sanksiyalar joriy etilishiga ushbu kompaniyalarning Tayvan bilan harbiy hamkorligi sabab bo‘lgan. Gap Belgiyaning o‘q otish qurollari ishlab chiqaruvchi FN Herstal kompaniyasi va uning bosh kompaniyasi FN Browning Group, shuningdek, Yevropaning yirik mudofaa pudratchilari, aerokosmik tadqiqot institutlari va sun’iy yo‘ldosh orqali razvedka qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar haqida bormoqda.
Nashrning qayd etishicha, bu voqea Yevropa Ittifoqining Xitoy va Gonkongning 27 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilganidan so‘ng sodir bo‘lgan. YeI ushbu kompaniyalarni Rossiya va Belarusga g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tishda yordam berishda yoki Ukrainadagi jang maydonida foydalanish uchun dronlar va butlovchi qismlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishda ayblagan.
“Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoyning sanksiyalar ro‘yxatiga Yevropa Ittifoqining Tayvanga qurol sotishda ishtirok etgan yoki Tayvan bilan til biriktirgan, harbiy sohaga aloqador faqat oz sonli tashkilotlari kiritildi”, deya Xitoy Tijorat vazirligi bayonotidan iqtibos keltiradi nashr.
Bungacha “The Guardian” nashri Xitoy Yevropa davlatlariga muvofiqlashtirilgan diplomatik bosim o‘tkaza boshlagani, ularni Tayvan siyosatchilarini mamlakatga kiritmaslikka va ularga viza bermaslikka chaqirayotgani haqida xabar bergan. Yevropalik mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Shengen chegara kodeksi va YeIning boshqa normalarini o‘z foydasiga talqin qilmoqda. Ushbu normalarga ko‘ra, “a’zo davlatlardan birining xalqaro munosabatlariga tahdid deb qaraladigan” uchinchi davlat fuqarolarini mamlakatga kiritmaslik mumkin.
Shuningdek, AQSH Alibaba, Baidu Inc., BYD Co va boshqa bir qator kompaniyalarni Xitoy armiyasiga yordam beruvchi tijorat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan.
Live
Barchasi