Xitoyda 14 yoshli o‘quvchi uy sharoitida samolyot dvigatelini yasadi
Texnologiya
−
22 aprel 10867 2 daqiqa
Xitoyda 14 yoshli o‘smir uy sharoitida haqiqiy aviatsiya dvigatelini yig‘di. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni “Oddity Central” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Che Szingan bolalar bog‘chasi davridayoq qog‘oz samolyotlar yasash orqali aviatsiyaga qiziqib qolgan. Vaqt o‘tishi bilan bu qiziqish jiddiy ilmiy izlanishlarga aylangan: ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, u har kuni soatlab aerodinamika va boshqa turdosh sohalar bo‘yicha adabiyotlarni mutolaa qilgan.
Hatto boshlang‘ich sinflardayoq maktab o‘quvchisi matematik analiz va loyihalash kabi murakkab mavzularni o‘zlashtirishni hamda muhandislik dasturlari bilan ishlashni boshlagan. Keyinchalik u o‘z bilimlarini amaliyotda qo‘llashga qaror qilgan va oldiga maqsad qo‘ygan – shaxsiy reaktiv dvigatelini yasash.
O‘smir tayyor chizmalardan nusxa ko‘chirishdan voz kechib, loyihani noldan boshlagan: detallarni ishlab chiqqan, 2D va 3D modellarni yaratgan, havo oqimi, harorat va bosim parametrlarini hisoblab chiqqan. Ish jarayonini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borgan va u yerda ko‘plab qiziquvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Dvigatelning birinchi loyihasi ustida ishlash 8 oy davom etgan. Buning uchun sarflangan materiallarning o‘zi qariyb 8-9 ming yuanni (taxminan 1100-1200 dollar) tashkil etgan. Ota-onasi uning bu ishi “shunchaki vaqtinchalik qiziqish” emasligini ko‘rib, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, ayrim foydalanuvchilar maslahat bilan yordam bergan bo‘lsa, boshqalari detallarni 3D-printerda chiqarib berishni taklif qilgan. Oradan yarim yil o‘tib, Che dvigatelning ilk prototipini yig‘gan, biroq konstruktiv va yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli birinchi sinov muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Shunga qaramay, o‘smir izlanishdan to‘xtamagan va hozirda qurilmaning takomillashtirilgan versiyasi ustida ishlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatsizlik o‘qishning muhim bosqichi va oldinga intilish uchun katta motivatsiya bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Jorjiya shtatida 12 yoshli qiz ukalarini yonayotgan uydan qutqarib qolgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi