XOQ AQSH va Isroil Olimpiya sulhini buzganini ma’lum qildi

Sport

image

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar fonida AQSH va Isroil Olimpiya sulhini buzganini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilot o‘z rasmiy saytida e’lon qildi. 

“Mojoralar, bo‘linishlar va fojialar hukm surayotgan, odamlar halok bo‘layotgan bir paytda XOQ sport umid mayog‘i bo‘lib qolishi kerakligiga qat’iy ishonadi. Sport dunyoni tinch musobaqalarda birlashtiruvchi kuchdir. Bu Olimpizmning asosiy tamoyillaridan biridir”,  deyiladi bayonotda.

Shuningdek, XOQ Olimpiya harakati uchun betaraflik tamoyili muhimligini qayd etgan. Tashkilot murakkab siyosiy sharoitda faoliyat yuritishga majbur ekanini va global voqealarning oqibatlarini inobatga olishini ta’kidlagan.

“XOQ o‘z qadriyatlariga sodiq qolgan holda, sportchilarni ularning kelib chiqishidan qat’i nazar tinch musobaqalarda birlashtiradigan global sport platformasini saqlab qolishi kerak. Bu dunyoda umid uyg‘otishning muhim sharti”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, tashkilot BMT tomonidan qabul qilingan Olimpiya sulhini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani eslatib o‘tgan. Biroq ushbu rezolyutsiya deklarativ xarakterga ega bo‘lib, majburiy kuchga ega emas. Uning asosiy maqsadi – Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari ishtirokchilarining mezbon mamlakatga xavfsiz yetib borishini ta’minlashdir.

“XOQ BMTdagi doimiy kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lsa-da, rezolyutsiya ijrosini ta’minlash vakolatiga ega emas. Bu masala to‘liq BMT tizimi vakolatiga kiradi va XOQ yurisdiksiyasidan tashqarida. Shu bois, biz BMTga a’zo barcha davlatlarni 2026-yilgi qishki Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deya xulosa qilgan XOQ.

Ma’lumot uchun, Italiyada o‘tkaziladigan qishki Paralimpiya o‘yinlari rasman joriy yilning 6 mart kuni ochiladi va 15 mart sanasiga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Xalqaro Olimpiya qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing