XOQ transgenderlarga ayollar musobaqalarida qatnashishni taqiqladi
Sport
−
26 mart 2471 2 daqiqa
2028 yildan boshlab Olimpiada va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) shafeligidagi boshqa musobaqalarning ayollar o‘rtasidagi bahslarida faqat genetik test yordamida o‘z jinsini tasdiqlagan sportchi ayollar ishtirok etishi mumkin. Bu haqda bugun, 26 mart kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bayonot e’lon qildi.
“Sobiq sportchi sifatida men barcha olimpiyachilarning halol raqobatda ishtirok etish huquqiga ishonaman. Biz e’lon qilgan siyosat ilm-fanga asoslangan va tibbiy ekspertlar rahbarligida amalga oshirilmoqda. Olimpiya o‘yinlarida hatto eng kichik farq ham g‘alaba yoki mag‘lubiyatga sabab bo‘lishi mumkin. Biologik erkaklarning ayollar toifasida musobaqalashishi adolatdan emasligi mutlaqo ayon. Bundan tashqari, ba’zi sport turlarida bu shunchaki xavfli bo‘lar edi”, deydi XOQ rahbari Kirsti Koventri.
Kelgusi Olimpiya o‘yinlarida ayollar toifasida qatnashishni xohlovchi barcha sportchi ayollar endi SRY geni (Sex-determining Region Y) uchun bir martalik testdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. SRY geni odatda Y-xromosomada (erkaklilik) joylashgan bo‘lib, organizmning erkak tipida rivojlanishida ishtirok etadi. Odatda test og‘iz bo‘shlig‘i ichki qismidan surtma olish orqali o‘tkaziladi.
“Ilmiy ma’lumotlarga asoslanib, XOQ SRY genining mavjudligi butun hayot davomida saqlanib qolishini va sportchida erkak jinsi rivojlanganining juda aniq dalili ekanini hisoblaydi”, deyiladi XOQ xabarida.
BBC Sports qayd etishicha, ilgari XOQ transgender sportchilarni musobaqalarga kiritish masalasini alohida sport turlarining boshqaruv organlari ixtiyoriga qoldirgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yil mart oyida Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi (World Athletics) agar transgender ayollar erkaklar balog‘at davridan keyin jinsini o‘zgartirgan bo‘lsa, ularga asosiy ayollar musobaqalarida qatnashishni taqiqlagan. Ilgari transgender atletlarga, agar ular ikki yil davomida qondagi testosteron darajasini 2,5 nanomol/litrdan past ushlab turgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarga ruxsat berilardi. 2025 yil sentyabridan boshlab tashkilot ayollar musobaqalarida qatnashuvchi sportchilar uchun majburiy genetik testdan o‘tish qoidasini joriy qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilgi Parij Olimpiya o‘yinlarida jins bilan bog‘liq mojarolar sodir bo‘lgan edi. Xususan, jazoirlik bokschi Imon Halif mojaroga aralashib qolgandi. Uning transgender ekanligi haqidagi mulohazalar keng rezonans keltirib chiqardi. Bunga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) shafeligida o‘tkazilgan 2023 yilgi Jahon chempionatidan sportchining chetlatilishi bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lgandi. O‘sha yili Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ushbu tashkilotni tan olishni to‘xtatgan edi.
IBA bayonotiga ko‘ra, Halif va tayvanlik sportchi Lin Yutinda DNK-testi davomida XY-xromosomalari (standart erkak kombinatsiyasi) va testosteron (asosiy erkaklik gormoni) darajasi yuqoriligi aniqlangan. Ilmiy nuqtai nazardan, bunday ma’lumotlar insonning jinsini 100 foiz kafolat bilan aniqlash imkonini bermaydi.
Live
Barchasi