Xotini, o‘g‘li, haydovchisi. Samarqandda hokimlar rasmiy delegatsiya safiga bola-chaqasini qo‘shib jo‘natdi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimlari xorijiy davlatga safar qilgan delegatsiya safiga qonunga xilof ravishda o‘z yaqinlarini qo‘shib jo‘natdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlarida xorijiy xizmat safarlari, ular bo‘yicha ma’lumotlarning ochiqlanishi va belgilangan tartib-taomillarga rioya etilishi o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida viloyatning Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan xizmat safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek, safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlar yuborilganligi holatlari aniqlangan.

Xususan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D. lar xizmat safariga yuborilgan.

Bundan tashqari, Xitoyda tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilganligi ko‘rsatilib, 32 nafar shaxsdan iborat delegatsiya tarkibi (ro‘yxat) taqdim etilgan.

Biroq ro‘yxatni o‘rganish davomida ayrim delegatsiya vakillari, jumladan, tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh., hokimlik boshqa mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi Ch.H.lar ro‘yxatga asossiz ravishda kiritilgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S.lar Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, aslida ular ushbu texnikumda ishlamasligi ma’lum bo‘lgan.  

Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborish holatlari mavjudligi aniqlangan.

Masalan, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish maqsadida 2025 yilning 22-30 may kunlari Xitoyga xizmat safari tashkil etilib, delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadorligi bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgan.

Shu kabi, Davlat rahbarining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmonida mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on hamda Qo‘shrabot tuman hokimliklari tomonidan ushbu ma’lumotlar asossiz ravishda yashirilgani aniqlangan.

O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaviy holatlarni aniqlash, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralarni qat’iy davom ettiradi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, agentlik ushbu yo‘nalishda OAV, jurnalistlar, blogerlarning faol pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi hamda ular bilan ochiq va konstruktiv hamkorlikka har doim tayyor ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga yaqinlarini jo‘natgan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari ishdan olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Korruptsiya hokim Qo'shrabot Kattaqo'rg'on rasmiy delegatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing