Xuddi “Qahramonlar shahri” multfilmidagidek. Dunyodagi eng kichik robot yaratildi
Texnologiya
−
20 dekabr 5872 2 daqiqa
Olimlar dunyodagi eng kichik avtonom robotlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Pen Engeneering” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu robotlar oddiy ko‘z bilan deyarli ko‘rinmaydi, bir necha oy ishlay oladi va har biri atigi bir sentga tushadi. Robotlar Pensilvaniya universiteti va Michigan universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ular 200-300 mikrometr uzunlikda bo‘lib, hatto tuz donasidan ham kichik. Ushbu mikrorobotlar atrof-muhitni sezadi va unga mos ravishda o‘z harakatini o‘zgartira oladi.
Robotlar kabellar, magnitlar yoki tashqi boshqaruvsiz ishlaydi. Ular yorug‘lik orqali quvvat oladi va ichidagi juda kichik kompyuter yordamida mustaqil qaror qabul qiladi. Haroratni sezib, qaysi tomonga harakatlanishni o‘zi belgilaydi.
Tadqiqot rahbari Mark Miskinning aytishicha, bu robotlar odatdagi robotlardan 10 ming baravar kichik, bu esa robototexnikada butunlay yangi bosqichdir.
Bu o‘lchamda harakat qilish juda qiyin, chunki suv xuddi qalin yopishqoq modda kabi ta’sir qiladi. Shu sababli olimlar g‘ildirak yoki oyoqlar o‘rniga maxsus elektr maydonlaridan foydalangan. Robotlar shu yo‘l bilan suvda suzib harakatlanadi va hatto guruh bo‘lib bir vaqtda harakatlana oladi.
Robotlarda harakatlanuvchi mexanik qismlar yo‘q, shu sababli ular mustahkam va uzoq umrli. LED yorug‘lik bilan quvvat olgan robotlar bir necha oy to‘xtovsiz ishlashi mumkin.
Robotlarning miyasi Michigan universiteti olimlari yaratgan dunyodagi eng kichik kompyuterdir. U juda kam energiya ishlatadi, lekin sensorlar, xotira va protsessorga ega. Shu sababli ular sezadi, eslaydi va javob qaytaradi. Masalan, haroratni 0,3 daraja aniqlik bilan o‘lchay oladi. Bu esa kelajakda alohida hujayralarning sog‘lig‘ini kuzatish imkonini beradi.
Robotlar yig‘ilgan ma’lumotni odatiy signal bilan emas, balki mikroskop ostida ko‘rinadigan harakatlar (raqs) orqali uzatadi. Bu usul asalarilarning o‘zaro muloqotiga o‘xshaydi. Har bir robot alohida dasturlanadi va bir muhitda turli vazifalarni bajarishi mumkin.
Olimlar kelajakda bu robotlarni yanada tezroq, aqlliroq va ko‘proq sensorlarga ega qilishni rejalashtirmoqda. Ular tibbiyot, biologiya va mikrotexnologiya sohalarida katta inqilob qilishi mumkin.
“Bu hali boshlanishi. Biz juda kichik hajmda miya, sensor va harakatni birlashtirish mumkinligini ko‘rsatdik. Endi mikrorobotlar uchun butunlay yangi kelajak ochilmoqda”, deydi Mark Miskin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy dunyodagi “eng odamsimon” robotni namoyish qilgandi.
Live
Barchasi22:46
17:24