Kim qizini o‘zining vorisi deb e’lon qiladi – razvedka
Olam
−
12 fevral 3434 1 daqiqa
KXDR rahbari Kim Chen In o‘z qizi Kim Chju Eni voris sifatida tayinlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya razvedka xizmatiga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Milliy razvedka xizmati (NIS) bu xulosaga Kim Chju Ening so‘nggi paytlardagi rasmiy tadbirlardagi ishtiroki va ayrim siyosiy qarorlar yuzasidan fikr bildirgani asosida kelgan.
Razvedka ma’lumotiga ko‘ra, Kim Chju E Armiya kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda, shuningdek Kimsusan Quyosh saroyiga tashrif chog‘ida qatnashgan. Uning davlat qarorlari bo‘yicha fikr bildirgani qayd etilgani esa uni voris sifatida tayinlash jarayoni boshlanganidan dalolat berishi mumkin.
NIS avval ham Kim Chju Eni “eng ehtimoliy voris” deb baholagan, ammo hozir bu maqomni rasman berish jarayoni boshlangan bo‘lishi mumkin. Janubiy Koreya razvedka xizmati bundan keyin ham Kim Chju Ening rasmiy tadbirlardagi ishtirokini diqqat bilan kuzatishini bildirgan.
Razvedka taxminiga ko‘ra, Kim Chen Inning qizi hozir taxminan 13 yoshda. 2024 yilda NIS Kim Chju E davlat boshqaruvi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen Inning vorisi sifatida tayyorlanayotgan qizi Ju Ae ota-onasi bilan birga sobiq rahbarlar xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun Kumsusan maqbarasiga birinchi marta borgani haqida xabar berilgan edi.