SHKTR mashmashasi. Markaziy Osiyo Turkiyadan yuz o‘girdimi?

Tahlil

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan birgalikda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini (SHKTR) tan olmaslikka kelishib oldi. Bu joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida qabul qilingan deklaratsiyada o‘z ifodasini topgan. Bu esa Turkiyaning yuziga urilgan tarsaki sifatida baholanmoqda. Xo‘sh, nega? 

Gap shundaki, sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandi bilan barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan. 

“Xuddi shu ruhda, BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik. Mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi kerakligini ta’kidladik, bu esa YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatdi”, deyiladi bayonotning aynan 4-bandida. 

541 va 550 rezolyutsiyalar nima haqida? 

Shu o‘rinda bayonotda raqamlar bilan yashirishga urinilgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalariga e’tibor qaratsak. 

541 – bu BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan 1983 yil 18 noyabrda qabul qilingan rezolyutsiya bo‘lib, uni 13 davlat yoqlab ovoz bergan, Pokiston qarshi chiqqan, Iordaniya esa betaraf qolgan. Qarorda barcha davlatlar Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va bloklarga qo‘shilmasligini hurmat qilishga hamda Kipr Respublikasi hukumatidan boshqa orol hukumatini tan olmaslikka chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 1983 yil 15 noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqillik e’lon qilishiga javob tariqasida qabul qilingan. 

550-rezolyutsiyaga kelsak, u 1984 yil 11 mayda 13 davlat tomonidan ma’qullangan. Pokiston qarshi ovoz bergan, AQSH esa betaraf qolgan. Unda shunday deyilgan:

“Turkiya va Kipr turk rahbariyati o‘rtasida elchilar almashinuvi deb atalmish barcha separatistik harakatlarni qoralaydi, ularni noqonuniy va haqiqiy emas deb e’lon qiladi va ulardan zudlik bilan voz kechishga chaqiradi; barcha davlatlarni separatistik harakatlar oqibatida tuzilgan “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” deb atalmish davlatni tan olmaslikka, hamkorlik qilmaslikka va yuqorida ko‘rsatilgan separatistik tuzilmaga hech qanday yordam ko‘rsatmaslikka yana bir bor chaqiradi; barcha davlatlarni Kipr Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, birligi va qo‘shilmaslik siyosatini hurmat qilishga chaqiradi; Varoshaning (Kiprning Famagusta shahridagi kvartal — tahr.) istalgan qismini uning rezidenti bo‘lmagan shaxslar tomonidan joylashtirishga urinishlarini nomaqbul deb hisoblaydi va bu hududni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’muriyatiga topshirishga chaqiradi”.

Bundan ko‘rinadiki, Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan uch davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kutazuvchi davlat maqomida qolayotgan Turkmaniston o‘zi bilan bir tuzilma, ya’ni Turkiy Davlatlar Tashkilotida bo‘lib turgan SHKTR bilan bir stol atrofida to‘plansa-da, uni rad etadi. 

Sarobga aylangan xayollar

TDTga a’zo va kuzatuvchi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qator urinishlariga qaramay, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olish tugul, bundan umidli ehtimoldan ham voz kechgan.

Rossiya-Ukraina urushi ortidan Moskvaga qo‘yilgan qator sanksiyalar sabab Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqiga yaqinlashuvi sezilarli ortdi. Qator davlatlar bilan strategik aloqalar o‘rnatildi, foydali va muhim qazilmalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yevropa Markaziy Osiyoni yangi imkoniyatlar manbai sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, ikki tomon ham Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l, siyosiy maslahatlashuvlar va diplomatik munosabatlar bilan hal etish tarafdori. 

Ushbu deklaratsiyaning qabul qilinishi Turkiy Davlatlar Tashkilotida Vengriya va Turkmaniston bilan bir qatorda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan SHKTRning tashkilotdagi kelgusi taqdirini so‘roq ostiga qo‘yadi. Markaziy Osiyoning to‘rt turkiy davlati Kipr mojarosida Turkiyaga qarshi tursa, tashqi siyosatda qanday turkiy birdamlik haqida gapirish mumkin? Bu ayni vaqtda Turkiyada ko‘tarilayotgan jiddiy savol.

Turkiyalik taniqli va tajribali xalqaro jurnalist Arda Zenturk YouTube’dagi kanali orqali ushbu masalada chiqib qilib, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanga yuzlandi. 

“Anqara nima qilayotganini tushunmayapman. Men butunlay sarosimaga tushdim... Qanday qilib biz bunday geosiyosiy falokatga yo‘l qo‘yamiz, janob Hoqon Fidan? Men 50 yillik faoliyatim davomida bunday narsani ko‘rmaganman. Biz haqiqiy siyosiy xiyonat bilan shug‘ullanyapmiz. Bu to‘rt turkiy davlat o‘z imzolari bilan SHKTRni tan olmasligini tasdiqladi. Ular Turkiyani Kiprda bosqinchi deb ataydigan Yevropa, AQSH va Rossiya bilan birlashdilar. Agar bu davlatlar Shimoliy Kipr Turk Respublikasini rad etuvchi rezolyutsiyalarni imzolasa, Turkiy Davlatlar Tashkiloti butun ma’nosini yo‘qotadi. Yoping [bu tashkilotni]!  Bu nafaqat Kipr turkiga, balki Turkiyaning o‘ziga ham bir shapaloq. Biz hazillashayotganimiz yo‘q. Turk askarlarining qoni to‘kilgan orolning boshqa davlat hududi, deb tan olinishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu shunchaki diplomatik xato emas, balki xiyonatdir”, deydi u. 

Hozirgacha Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan hujjat va unda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinmasligi bo‘yicha kelishuvga rozilik berilgani haqida miq etmadi. Biroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev allaqachon munosabat bildirib, SHKTRning dunyo miqyosida tan olinishiga hissa qo‘shishga va’da berdi. 

“Biz Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi uchun faol kurash olib borayotgan davlatlar qatoridamiz. Shushada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda Prezident Ersin Tatar ishtirok etdi. Bu yig‘ilishda Shimoliy Kipr bayrog‘i hilpirab turdi. Biz har doim birodarlarimizning tarafidamiz: ularga o‘z davlatini himoya qilishda yordam beramiz”, degan Ozarbayjon rahbari.

Turkiyaning sobiq mudofaa vaziri, Buyuk Millat Majlisi (parlament)ning Milliy Mudofaa Komissiyasi raisi Hulusi Akar esa Turkiy davlatlar parlament assambleyasiga (TURKPA) a’zo parlamentlar Milliy mudofaa va xavfsizlik masalalari komissiyasi raislarining 15 aprel kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida turkiy davlatlarni Shimoliy Kipr Turk Respublikasini aniq va kuchli tan olishga chaqirdi.

“Ozarbayjonning Qorabog‘dagi g‘alabasi paytida bo‘lgani kabi Shimoliy Kipr Turk Respublikasi uchun ham xuddi shunday birdamlik ko‘rsatilishiga ishonaman. Bu faqat Kipr turklarining adolat izlashining emas, balki turkiy dunyoning integratsiya irodasining ko‘rsatkichi bo‘ladi deb o‘ylaymiz”, degan u.

Tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining prezidenti Ersin Tatarga kelsak, u holatga o‘ta vazminlik bilan munosabat bildirib, TDTda a’zo va kuzatuvchi maqomidagi ba’zi davlatlarning Yevropa Ittifoqi bilan tuzgan kelishuvlari normal ekani, har bir davlat boshqa mamlakat yoki uyushmalar bilan o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib aloqa o‘rnatishini aytdi.

“Bu holat, ehtimol, ular Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari kontekstida bunday jarayonga kirganlari uchun yuzaga kelgan. Bu normal holat, axir, bu mamlakatlar Yevropa Ittifoqi bilan turli xil loyihalarga ega va xususiy sektor hamda davlat nuqtai nazaridan o‘z manfaatlari va foydalari bor. Ta’kidlanganidek, iqtisodiy loyihalar, moliyaviy hissalar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ularni turli tijorat o‘lchovlarida taqdim etishi mumkin bo‘lgan tijorat imkoniyatlari mavjud”, deydi Tatar.

Markaziy Osiyo va Kipr

Markaziy Osiyo davlatlari Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmagani bilan Kipr bilan muloqotni ham to‘xtatib qo‘ymagan. 

Masalan, 2024 yil 19 dekabr kuni O‘zbekiston birinchi marta Kiprdagi elchisini akkreditatsiya qildi. Rimda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidisga ishonch yorlig‘ini topshirdi. O‘sha yilning 21 dekabr kuni O‘zbekiston elchisi Kipr Savdo-sanoat palatasi prezidenti Stavros Stavrou bilan uchrashuv o‘tkazdi, shundan so‘ng “Kipr-O‘zbekiston” ishbilarmonlar uyushmasining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Joriy yilning 21 fevral kuni Qozog‘iston elchisi Nikolay Jumakanov Kipr Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi. 6 mart kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu orolga tashrifi chog‘ida Kipr Tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan uchrashdi. Ushbu muzokaralar chog‘ida qozog‘istonlik vazir 2024 yilda Qozog‘iston iqtisodiyotiga Kipr investitsiyalari hajmi 227 million dollarni tashkil etganini ma’lum qildi. 

Rasmiy Ostona esa, albatta, Kipr yunonlari bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor, chunki Nurtleu ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini ham muhokama qilgan va Kipr-Qozog‘iston biznes uyushmasi prezidenti Kostas Markides bilan uchrashuv o‘tkazgan. 

Qirg‘iziston 2024 yil 27 sentyabrda Kipr bilan diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod qilish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Kelishuv Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev va Kipr Tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos tomonidan imzolangan. 

Nihoyat, Turkmaniston ham Markaziy Osiyodagi boshqa turkiy davlatlar bilan bir o‘zanda qolishga harakat qilmoqda. Joriy yil 31 mart kuni qarorgohi Rimda bo‘lgan Turkmaniston elchisi Toyli Komekov Kipr Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Turkiya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi

Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr – 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qolgan. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiyaning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomini olgan tuzilma Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 300 000 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham bor. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti – Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri. 

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.

Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiya tomonidan mana 42 yildirki, qo‘llab kelinadi va bu Erdo‘g‘an Hukumati davrida yanada jadallashdi. Bunda esa juda ko‘p masalalar O‘zbekistonning chekiga tushgan. 

Ma’lumki, O‘zbekiston 2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. 2022 yilning 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat rahbarlari kengashining 9-sammiti bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sammitda Ilhom Aliyev, Qosim-Jomart To‘qayev, Sadir Japarov, Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi davlatlar – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi. 

O‘sha sammitda Erdo‘g‘an dunyo mamlakatlarini hayratda qoldirgan bayonot bilan chiqdi. U o‘z nutqida Turkiyadan tashqari hech bir mamlakat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi TDTga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.

“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, deydi Erdo‘g‘an.

Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiyaning o‘sha vaqtdagi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Erdo‘g‘anning aytganlariga tayanib, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgani haqidagi xabarni Twitter’dagi sahifasi orqali bo‘lishdi. Vazir, Anqaraning Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda qat’iyligini ta’kidlagan.

Turkiya rasmiylari tomonidan berilgan ikki bayonotdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov (2022 yil 11 noyabr) Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qo‘shilganini rad etib chiqdi. 

“Sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi. O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qiladi. Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, degan Norov.

Sammit yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkiloti saytida e’lon qilingan bayonotda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi maqomni olgani aytilgan. Bu TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevning sammitdan bir hafta o‘tib “Anadolu” agentligida e’lon qilingan intervyusida ham o‘z isbotini topdi. 

“Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi sifatida tan olinishi turkiy dunyoning yaqinlashuvi yo‘lidagi muhim qadamdir”, degan Omuraliyev.

TDTning 2022 yil 16 noyabr kuni lavozimini rasman egallagan Bosh kotibi yuqoridagi gaplari bilan SHKTRning TDTga kuzatuvchi bo‘lib kirganini tasdiqladi va bungacha SHKTRning TDTga kuzatuvchi sifatida qabul qilinmagani haqida berilgan barcha bayonotlar, jumladan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning chiqishini ham rad etdi. Bosh kotib, Kipr turklari turkiy dunyoning “ajralmas qismi” ekanini urg‘uladi. 

“Boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlarimiz singari, mintaqamizda ham, global darajada ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot uchun Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, degan u.

Erdo‘g‘anning harakatlari 

2023 yilning 16 mart kuni Anqarada o‘sha yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan va ko‘plab insonlarning vafot etishiga olib kelgan dahshatli zilzilalar munosabati bilan Turkiy Davlatlar Tashkilotining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tdi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an mezbonlik qilgan sammitda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari – Qozog‘istondan Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘izistondan Sadir Japarov, O‘zbekistondan Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjondan Ilhom Aliyev va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ishtirok etdi. Prezidentlar birgalikda suratga ham tushdi. 

Erdo‘g‘an esa ushbu sammitda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olish masalasida ochiqdan ochiq gapirdi. 

“Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bizga qo‘shilishi bilan oila kengashimiz yanada kuchaydi.  Tashkilot o‘laroq biz Kipr turk xalqiga kuchli va qat’iyatliligimizni namoyon etdik. Kipr turk xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi va kiprlik turk birodarlarimizga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi uchun kurashimizni davom ettiramiz”, degan Erdo‘g‘an.

2023 yilning sentyabr oyida Ozarbayjonga borgan Erdo‘g‘an, Bakudan qaytayotib, samolyot bortida jurnalistlar bilan muloqot qildi va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi masalada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan gaplashib olganini bildirdi. Shuningdek, u Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida ham SHKTRni kuzatuvchi maqomida ko‘rmoqchiligini yashirmadi. 

“Yaqin kunlarda Turkiy Davlatlar Tashkilotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ozarbayjon ham bu uchrashuvga Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti janob Ersin Tatarni taklif qilmoqchi. 3 noyabr kuni Qozog‘istonda yig‘ilish bo‘ladi va bu yig‘ilishda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini kuzatuvchi sifatida ko‘rishni umid qilamiz. Ozarbayjon Prezidenti janob Ilhom Aliyevga rahmat, bu masalada uning jiddiy qat’iyati bor. U, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayrog‘ining u yerda hilpirashini istaganini ham ta’kidladi”, degan Erdo‘g‘an.

2023 yilning 2-3 noyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammitida esa Erdo‘g‘an Shimoliy Kipr Turk Respublikasini dastaklab, yana Turkiy davlatlar tashkilotiga suqishga harakat qildi. 

“Oila kengashimiz o‘tgan yili Samarqanddagi sammitimizda Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga bir ovozdan kuzatuvchi a’zo maqomi berib, tarixiy qaror qabul qildi. Ushbu qarorni qabul qilishda qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman”, dedi u mavqedoshlariga yuzlanib. 

Uning qayd etishicha, turkiy dunyo bu qaror bilan yakkalanib qolgan bo‘lsa-da, vatanidan voz kechmagan Kipr turklarining yolg‘iz emasligini barchaga ko‘rsatgan.  

Ostona sammiti yakunida qabul qilingan bayonotda Turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan SHKTRning Turkiy davlatlar parlament assambleyasi va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqida hamda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgani qayd etildi.  

2023 yilning 8-9 noyabr. Toshkent Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitiga mezbonlik qildi va SHKTR prezidenti Ersin Tatar O‘zbekistonga keldi. Uning ushbu sammitda ishtirok etishi va Toshkentga kelayotgani haqida rasmiy manbalar tomonidan xabar berilmagan. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi tomonidan IHT sammiti o‘tkazilishiga doir xabarda ham SHKTRdan vakil ishtirok etishi haqida so‘z bormagan.

Tatar Toshkentda Erdo‘g‘an, Pokistonning o‘sha vaqtdagi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar va IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. 

2023 yilning 4 dekabr.SHKTR prezidenti Ersin Tatar Qirg‘izistonga bordi va Bishkekda Prezident Sadir Japarov bilan ko‘rishdi. Unda Ersin Tatar Japarovga Kipr muammosining bugungi holati va uni ikki davlat tamoyili asosida hal etish yo‘llari haqida ma’lumot bergan, Qirg‘iziston tomonini Shimoliy Kipr Turk Respublikasini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga chaqirgan. 

Uchrashuvda Japarov bo‘yinbog‘siz va yengil libosda bo‘lgan va bu uchrashuv rasmiy ruhga ega emasligini anglatadi.

2024 yilning 6 iyul. Ozarbayjonning Shusha shahrida TDT davlat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi va unda prezidentlar stolidan birinchi marta SHKTR prezidenti Ersin Tatar ham joy oldi. Tadbir o‘tkazilayotgan zalga SHKTR bayrog‘i ham o‘rnatildi. 

2024 yil 6 noyabr. Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari Bishkekda to‘plandi va bu gal ham SHKTR prezidenti Ersin Tatar qatordan qolmadi. Sammitda mezbon sifatida moderatorlik qilgan holda yig‘ilgan barcha davlat rahbarlariga o‘z maqomi bilan murojaat qilgan Japarov SHKTR prezidentiga kelganda, shunchaki o‘z ismi bilan so‘z berdi.

Sammitda so‘z olgan Erdo‘g‘an, yana SHKTRni tashkilotning a’zosi sifatida ko‘rishdan umidvorligini aytdi. 

Markaziy Osiyo nega Yevropa Ittifoqini tanladi? 

Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda SHKTR masalasiga to‘xtalinadimi, umuman, SHKTR prezidenti yana Erdo‘g‘anning etagini tutgancha sammitga keladimi, bunisi noma’lum. 

Shu o‘rinda Markaziy Osiyo davlatlari Turkiy davlatlar tashkilotida o‘rnatilgan samimiy muloqot va Erdo‘g‘an bilan iliq munosabatlarga chap bergancha nega Yevropani tanladi, degan savol tug‘iladi. Ekspertlarning qayd etishicha, Ostona, Toshkent, Bishkek va Ashxobod Anqara bilan yaqinlashuvlari Bryussel bilan munosabatlarda muammolar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan joyda tugashini biladi. Balki, Turkiya va uning Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning hozirgi iqtisodiy va siyosiy ahvoli kuchliroq bo‘lganida, turkiy dunyo ikki o‘t orasida tanlov qilish majburiyatida qolmas edi. 

Hozir Erdo‘g‘anning SHKTRdan-da jiddiyroq ishlari bor – bu mamlakatning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, siyosiy obro‘sini mustahkamlash, saylovlarda yo‘qotilgan ovozlardan kelib chiqib, xalq ishonchini qozonish va Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxolifat bilan kurashish. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev Turkiya Tojikiston O'zbekiston Evropa Ittifoqi Qirg'iziston Rajab Toyib Erdo'g'an BMT Vladimir Norov Turkmaniston Imomali Rahmon Anqara Qosim-Jomart To'qaev Sadir Japarov Serdar Berdimuhamedov TDT Markaziy Osiyo – Shimoliy Kipr Turk Repsublikasi Buyuk Millat Majlisi Nikolay Jumakanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing