Shavkat Mirziyoyev bitiruvchilarga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
07:52 1163 3 daqiqa
Bugun, 25 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga o‘z tabrigini yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tabrik matnida aytilishicha, ayni kunda 472 ming nafar yoshlar maktabni bitirmoqda.
“Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mana shu hayajonli damlarda 472 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz maktab ta’limini tugatib, katta hayotga yo‘llanma olmoqda. Ana shunday unutilmas ayyom bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Joriy yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod farzandlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bunday intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz kelajakda ham o‘z tengdoshlariga namuna bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi deb ishonaman”, deyiladi Prezident tabrigida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bitiruvchilarning 171 nafari allaqachon dunyoning yetakchi universitetlariga o‘qishga qabul qilingan.
“Mamlakatimizda 207 ta oliygoh va 643 ta texnikum sizlarga zamonaviy bilim, kasb va malaka berishga tayyor. Tirishqoq, o‘z kuchiga ishongan yoshlarimiz hali maktabni tugatmasdan turib, yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarga kirishga ulgurdi. Masalan, 171 nafar yoshlarimiz dunyoning yetakchi universitetlariga, yana minglab bitiruvchilar mamlakatimizdagi oliygohlarga qabul qilindi. Ana shu farzandlarimni, ularning ota-onalari va ustozlarini bunday yutuqlari bilan chin dildan tabriklayman.
Aziz bitiruvchilar!
O‘zingiz ko‘ryapsiz, bugun hayot ham, mehnat bozoridagi talab ham shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Yangi-yangi kasblar paydo bo‘lyapti. Til, kasb, kompyuter savodxonligi va mustaqil daromad topish ko‘nikmasini egallash muhim zaruratga aylanmoqda. Mehnat bozori endi, avvalo, “hujjat” emas, amaliy bilim, malaka va natija so‘rayapti.
Bugun qishloqdagi oddiy maktab bitiruvchisi ertaga dunyo tan oladigan olim bo‘ladi. Bugun oldiga katta maqsadlar qo‘ygan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz ertaga millionlab insonlarga xizmat qiladigan texnologiyalarni yaratadi. Bugun kitob o‘qiyotgan bir qizaloq ertaga mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan farzandlarni tarbiyalaydi.
Shu bois, har biringiz kamida bittadan xorijiy til va zamonaviy kasbni egallashga harakat qiling. Bu kelajakka ochilgan eshik, siz uchun qo‘shimcha imkoniyat va rag‘batdir”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Prezident startap loyihalarni boshlagan bitiruvchilarga 100 million dollar tayyorlab qo‘yilganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Tadbirkor bo‘lishni istaydigan yoshlarimiz uchun banklar joriy yil 25 trillion so‘m arzon kreditlar taklif etmoqda. Startap loyihalarini boshlagan bitiruvchilarga esa 100 million dollar mablag‘ tayyorlab qo‘yganmiz. Eng yirik AT kompaniyalar har yili kamida 50 ming bitiruvchini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitib, yuqori daromadli ishga joylashtirishga tayyor. Kelgusi yillarda 168 ming gektar super intensiv sanoatlashgan bog‘lar tashkil qilamiz. Mazkur loyihalarda qatnashmoqchi bo‘lgan bolalarimni men doim qo‘llab-quvvatlayman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, Prezident sport sohasida yuksak pog‘onaga erishgan yoshlarni misol qilib, bugungi bitiruvchilar orasida ham yangi qahramonlar chiqishiga umid bildirgan.
“Bugungi hayotimizda sizlar uchun o‘rnak bo‘ladigan yutuqlarimiz, yosh-yosh qahramonlarimiz ko‘p. To‘rt-besh yil oldin maktabni tugatgan Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov kabi mashhur sportchilarimiz shaxmat va futbol olamida butun dunyoni qoyil qoldirmoqda. Yosh kino ijodkorlarimiz jahondagi obro‘li kino anjumanlaridan biri bo‘lgan Kann festivalida gran-pri mukofotini olishga sazovor bo‘ldi. Kuni kecha futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga katta tantana bilan kuzatdik.
Men ishonaman, sizlarning orangizdan ham ana shunday millat qahramonlari, Yangi O‘zbekiston iftixorlari yetishib chiqadi!
Siz bugun maktabni tugatdingiz, lekin katta hayot maktabi endi boshlanmoqda. Men sizlarga ana shunday tengsiz baxt, yuksak saodat egasi bo‘lishlaringizni tilayman. Oldingizga katta maqsadlar qo‘yishdan hech qachon qo‘rqmang! O‘zingizga ishonib, hamisha olg‘a boring! Doimo o‘zgarishlar, islohotlar ruhi bilan yashaydigan avlod bo‘ling! Shu yo‘ldagi ilk qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin! Barchangizga baxt va omad hamisha yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!” deyiladi tabrikda.
Live
Barchasi