KXDR ikki strategik qanotli raketa uchirdi
Olam
−
10:17 1105 2 daqiqa
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Koreya yarimoroli g‘arbida, Sariq dengiz yo‘nalishida amalga oshirilgan ikki uzoq masofali strategik qanotli raketaning sinov uchirishini shaxsan kuzatdi. Bu haqda bugun, 29 dekabr kuni “Yonhap” va “AFP” axborot agentliklari xabar berdi.
Shimoliy Koreyaning Markaziy axborot agentligi ma’lum qilishicha, raketalar 28 dekabr kuni belgilangan trayektoriya bo‘ylab mos ravishda 10 199 va 10 203 soniya parvoz qilgan, shundan so‘ng nishonga aniq zarba bergan.
Seuldagi manbalarga ko‘ra, raketalar Pxenyan atrofidagi Sunan hududidan uchirilgan.
Bundan avval KXDR noyabr oyi boshida ballistik raketa sinovlarini o‘tkazgan edi. Bu sinovlar AQSH Prezidenti Donald Tramp mintaqadagi tashrifi chog‘ida Kim Chen In bilan uchrashish istagini bildirganidan taxminan bir hafta o‘tib amalga oshirilgan. Pxenyan bu taklifga javob bermagan
Oktyabr oyida AQSH Janubiy Koreya uchun atom energiyasida ishlaydigan suvosti kemasi qurishini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp Seulga tashrifi chog‘ida aytgan.
“Bizning harbiy ittifoqimiz hech qachon bugungidek mustahkam bo‘lmagan. Shuni inobatga olgan holda, men ularga hozir foydalanilayotgan eski va manyovri cheklangan dizel suvosti kemalari o‘rniga atom suvosti kemasi qurishga ruxsat berdim”, deb yozgan Tramp 29 oktyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Shu bilan birga, “The New York Times” gazetasi 25 dekabr kuni KXDR atom quvvatiga ega ilk suvosti kemasining fotosuratlarini namoyish etgani haqida xabar berdi. Ekspertlar ta’kidlashicha, ikki Koreya ham tez sur’atda qurollanish poygasiga tortilib bormoqda, Shuningdek, Shimoliy-Sharqiy Osiyoning boshqa davlatlari ham mudofaa xarajatlarini oshirmoqda.
“Hech qanday shubha yo‘q – biz allaqachon qurollanish poygasi ichidamiz. AQSH ittifoqchilari orasida Amerika xavfsizlik kafolatlari borasida xavotir kuchayib bormoqda”, degan Seuldagi Kunmin universiteti professori, tarixchi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Andrey Lankov.