KXDR modifikatsiyalangan ballistik raketalarni uchirdi
Olam
−
20 aprel 2399 1 daqiqa
KXDR Raketasozlik bosh boshqarmasi “yer-yer” sinfiga kiruvchi modifikatsiyalangan “Xvasonpxo-11ra” taktik ballistik raketalarini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) xabar berdi.
Qayd etilishicha, sinov jarayonlarini KXDR yetakchisi Kim Chen In hamda partiya va harbiy rahbariyat vakillari bevosita kuzatib borgan. Jami beshta raketa 136 km masofadagi nishonga qarata uchirilgan. Zarba 12,5-13 gektar maydonga yuqori zichlikdagi shikast yetkazish bilan amalga oshirilgan. Sinovlardan ko‘zlangan maqsad parchalanuvchi-fugasli jangovar qismlarning texnik xususiyatlarini tekshirishdan iborat bo‘lgan.
Kim Chen In sinov natijalaridan mamnunligini bildirgan va raketaning jangovar qismini besh yil davomida ishlab chiqqan mutaxassislar mehnatini yuqori baholagan.
Shuningdek, KMTAning avvalroq (9 aprel) bergan xabariga ko‘ra, KXDRda sochiluvchi (kassetali) jangovar qismga ega taktik ballistik raketa va elektromagnit qurol tizimi ham sinovdan o‘tkazilgan. Ushbu sinovlar natijasida “Xvasonpxo-11-ga” raketasining kassetali qismi 6,5–7 gektar maydondagi nishonlarni yuqori zichlikda yo‘q qilish imkoniyatiga ega ekani tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Shimoliy Koreya Kim Chen In kuzatuvi ostida gipertovushli raketalarni ham sinovdan o‘tkazgan edi. O‘shanda raketalar Sharqiy dengizdagi belgilangan nishonlarga aniq zarba bergan.
Live
Barchasi