Kongressmenlar mudofaa byudjetini ma’qulladi. AQSH qaysi davlatlarga pul beradi?
Olam
−
11 dekabr 3332 2 daqiqa
AQSHning 2026 yilgi mudofaa byudjeti haqidagi harbiy sohalarga 901,1 milliard dollar sarflashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Kongress Quyi palatasi – Vakillar palatasi tomonidan ma’qullandi. 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda qonun (National Defense Authorization Act, NDAA) 312 kongressmen tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 112 nafari qarshi chiqdi. Hujjat kelasi hafta AQSH Senatida ham qabul qilinishi kutilmoqda.
Hujjat, jumladan, 2026 va 2027 yillarda Ukrainaga – Rossiyaning to‘liqqonli bosqiniga qarshi himoyalanayotgan mamlakatga – harbiy yordam sifatida har yili 400 million dollar ajratishni ko‘zda tutadi. Boltiqbo‘yi davlatlari mudofaa ehtiyojlari uchun 175 million dollar oladi. Shu bilan birga, qonun loyihasida AQSHning Yevropadagi harbiy kontingentini qisqartirishga doir yangi cheklovlar joriy etilmoqda.
Tayvan bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun 1 milliard dollar ajratilishi belgilangan – bu Pekin tomonidan ehtimoliy tajovuz xavotirlari fonida amalga oshirilmoqda. Hujjat, shuningdek, AQSHning Xitoydagi ayrim texnologiyalarga, jumladan, sun’iy intellekt va harbiy texnologiyalarga qaratilgan investitsiyalariga yangi cheklovlarni joriy qiladi. “The New York Times”ning yozishicha, bu AQSH kapitali Xitoy texnologiyalarining rivojiga katta hissa qo‘shmasligi uchun qilingan qadamdir.
Isroilga raketlarga qarshi mudofaa maqsadlariga ajratiladigan mablag‘ oshirilgan. Hujjatda 1991 va 2002 yillarda Iroqda harbiy kuch ishlatishni ruxsat etgan ikki rezolyutsiya bekor qilinmoqda. Shuningdek, AQSHning Suriyaga nisbatan sansiyalari to‘liq bekor qilingani mustahkamlab qo‘yilgan. “Reuters”ning yozishicha, Kongress AQSH qo‘shinlarini xorijga yuborish masalalari ustidan ko‘proq nazoratni qo‘lga kiritishni istamoqda.
Mudofaa byudjeti loyihasida AQSH Prezidenti Donald Tramp tanqid qilib kelgan turlilik, tenglik va inklyuzivlik (diversity, equity, inclusion — DEI) dasturlarini qisqartirish nazarda tutilgan. Xususan, hujjat transgender ayollarni harbiy akademiyalarda ayollar sport guruhlarida qatnashini taqiqlaydi. Biroq jinsni o‘zgartirish bilan bog‘liq terapiya xarajatlari saqlab qolingan.
Vakillar palatasi ma’qullagan hujjatda harbiy xizmatchilarning maosh va ta’minot xarajatlari 3,8 foizga oshirilishi nazarda tutilgan. Umumiy 901 milliard dollardan ortiq mablag‘ Trampning 2026 yil uchun so‘ragan byudjeti miqdoridan yuqoridir.
2025 yil may oyida Tramp 2026 moliya yili (2025 oktyabridan 2026 sentyabrigacha) uchun 892,6 milliard dollar byudjet so‘ragan edi. Vakillar palatasining dastlabki loyihasida ham shu miqdor belgilangan edi, ammo Senat mablag‘larni 925 milliard dollargacha oshirish imkonini ma’qullagan.
Live
Barchasi