Koreya Erondagi urush sabab Qozog‘istondan neft sotib olmoqchi
Olam
−
08:44 1092 2 daqiqa
Janubiy Koreya Qozog‘iston bilan yirik neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzish arafasida turibdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Janubiy Koreya Sanoat vaziri Kim Chjong-kvanning aytishicha, kelishuv bo‘yicha aniq hajm va logistika masalalari kelasi hafta boshida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Seul energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda, chunki mamlakat an’anaviy ravishda neft importining qariyb 70 foizini Yaqin Sharqdan oladi. Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar esa energiya xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Shu sababli Janubiy Koreya Markaziy Osiyoga yuzlanmoqda. Yuqori darajadagi delegatsiya, jumladan Prezident ma’muriyati rahbari va Kim ishtirokida, Qozog‘iston, Ummon hamda Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan.
Vazirning ta’kidlashicha, Qozog‘istondan neft yetkazib berish 50–60 kun vaqt oladi, bu AQSHdan keladigan neft bilan deyarli bir xil muddat. Uzoq logistikaga qaramay, asosiy maqsad – Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq xavfni kamaytirish.
Shu bilan birga, mamlakat energiya ta’minotini mustahkamlash uchun boshqa choralarni ham ko‘rmoqda. Xususan, o‘tgan oyda Birlashgan Arab Amirliklari bilan 24 mln barrel neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Mutaxassislarning fikricha, Janubiy Koreyaning bunday faol siyosati global energiya bozoridagi beqarorlik sharoitida mamlakat sanoati raqobatbardoshligini saqlab qolishda muhim omil hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi energetik inqiroz fonida Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini import qilishni oshirgandi.