Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
29 may 1008 1 daqiqa
Bugun, 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ostona shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat yetakchisi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi — Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) eng yuqori organi bo‘lib, uning tarkibiga tashkilotga a’zo davlatlar (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston) Prezidentlari kiradi. Kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston nomidan ham Kengash yig‘ilishlarida mamlakat Prezidenti ishtirok etadi. Ushbu kengash ittifoqning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi, byudjetni tasdiqlaydi va ijroiya organlar rahbarlarini tayinlaydi. Kengash majlislari yiliga kamida bir marta o‘tkazilib, unda barcha qarorlar konsensus (umumiy rozilik) asosida, ya’ni har bir a’zo davlatning teng ovoz huquqi inobatga olingan holda qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyining o‘rtalarida ham Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan borgan edi. O‘shanda O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, unda muhim tashabbuslarni ilgari surgan, tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgandi.
Live
Barchasi