Koreyadagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qoldi (video)

Olam

image

Kecha, 30 yanvar kuni Janubiy Koreyadagi maishiy buyumlar ishlab chiqaruvchi zavodda sodir bo‘lgan yong‘in ortidan O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Yonhap News” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan 14:56 da Janubiy Koreyaning Chungbuk provinsiyasi Maengdong qishlog‘ida joylashgan maishiy buyumlar ishlab chiqaruvchi zavodda yong‘in chiqqan. Yong‘in tezda kengayib, yon-atrofdagi boshqa zavodlarga ham tarqalgan. Ushbu zavodda asosan nam salfetkalar va bolalar tagliklari ishlab chiqarilgan bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra u yerda zaharli kimyoviy moddalar yoki xavfli yuklar bilan ishlanmagan.

Yong‘in chiqqan paytda zavodda ishlayotgan 83 nafar xodimdan 81 nafari o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan. Biroq Nepal fuqarosi bo‘lgan 20 yoshlar atrofidagi bir xodim va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 50 yoshlar atrofidagi yana bir xodim bilan aloqa uzilgan, ular bedarak yo‘qolgan deb taxmin qilinmoqda.

Yong‘inni o‘chirish uchun favqulodda vaziyatlar xizmati “2-darajali javob rejimi”ni e’lon qilgan. O‘chirish ishlariga 105 nafar qutqaruvchi, 56 ta maxsus texnika va 4 ta vertolyot jalb qilingan. Shamol ta’sirida uchgan cho‘g‘lar taxminan 500 metr uzoqlikdagi yaqin tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmon hududiga ham o‘t tushishiga sabab bo‘lgan, ammo bu yong‘in soat 16:10 ga kelib to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in batamom o‘chirilgach, o‘t chiqishining aniq sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori bo‘yicha rasmiy tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandning Suphan Buri provinsiyasi, Don Chedi tumanida joylashgan pirotexnika fabrikasida portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida to‘rt kishi – bir ayol va uch nafar erkak jarohat olgan. Ulardan bir erkakni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Qolgan jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yong'in O'zbekiston Janubiy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing