Kreml Ukrainadagi urush “tupik”ka kirib qolganidan xavotirda – OAV

Olam

image

Frontda muvaffaqiyatlarning yo‘qligi, ortib borayotgan talofatlar, Ukraina dronlarining tobora muvaffaqiyatli tus olayotgan hujumlari va maxsus xizmatlar talabi bilan internetning tez-tez o‘chirib qo‘yilishi hamrohligida kechayotgan iqtisodiy inqiroz Rossiya rahbariyati vakillarini o‘zlari olib borayotgan urushga yanada sergakroq nigoh bilan qarashga majbur qilmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, jamiyatda namoyon bo‘la boshlagan asabiylikni elitaning ko‘plab vakillari ham baham ko‘rmoqda, qolaversa, ba’zi yuqori martabali mulozimlar mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va undan chiqish yo‘llari ko‘rinmayotganini aytmoqda.

Ushbu shaxslardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushni davom ettirish niyatida, biroq uni yil yakuniga qadar tugatishni istarydi . Biroq, avvalgidek o‘z shartlari asosida, jumladan, Donbass ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritish orqali. Putin, shuningdek, Yevropa bilan xavfsizlik bo‘yicha kengroq bitim tuzishni xohlaydi, bu shartnoma amalda Moskvaning hududiy yutuqlarini qonuniylashtirib berishi kerak.

Bir nechta yevropalik diplomatlar “Bloomberg”ga Rossiya hokimiyat yo‘laklaridagi muhitni mahzun deb baholashlarini aytgan: jang maydonida patli (hech bir tomon ustunlik qila olmaydigan) vaziyat yuzaga kelgan, Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari esa nafaqat neftni qayta ishlash va eksport qilish korxonalari faoliyatiga muntazam putur yetkazmoqda, balki urushni Moskvaning ichiga ham olib kirdi. 17 mayga o‘tar kechasi 600 ga yaqin dron Moskva regioniga mojaro boshlanganidan beri eng yirik hujumni uyushtirib, energetika ob’ektlari, harbiy-sanoat majmuasi korxonasi va “Sheremetevo” aeroportiga zarba bergan.

Dronlardan qo‘rqqani sababli Putin hududlarga safar qilishni butunlay to‘xtatgan va faqat havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari bilan eng kuchli himoyalangan Moskva, Moskva viloyati va Peterburgdagina jamoatchilikka ko‘rinish bermoqda. Ukraina Qurolli Kuchlarining (UQK) zarbalari tezlashgani fonida uning mamlakat bo‘ylab harakatlanishidagi tanaffus 196 kunga yetgan.

Shu bilan birga, Kreml yetakchisi o‘z ambitsiyalarini kamaytirgani yo‘q va Donbassni egallash niyatida, ustiga-ustak, oliy harbiy qo‘mondonlik uni buni kuzgacha amalga oshirish mumkinligiga ishontirgan.

“Men uni hamma narsani hozirgi front chizig‘ida tugatishga undadim. Ammo u tinimsiz: “Yo‘q, men bunga rozi bo‘lolmayman”, deydi manbalardan biri.

Biroq Rossiya armiyasining oldinga siljishi shunchaki to‘xtab qolgani yo‘q. AQSH Mudofaa vazirligi Razvedka boshqarmasining baholashicha, yanvar oyida Rossiya armiyasi uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti terminallari o‘chirib qo‘yilganidan keyin UQK qariyb 400 kvadrat kilometr hududni ozod qilgan.

Ukraina bo‘linmalari dronlar (jumladan, yerusti dronlari) piyodalar bilan birgalikda qo‘llaniladigan aksilhujumlarni tobora ko‘proq tashkil etmoqda. Hozircha shaxsiy tarkibning jiddiy yetishmovchiligi sababli shiddatli yorib o‘tishlarga erishishning iloji bo‘mayapti, ammo armiya endi 2025 yildagidek mudofaagagina mahkum bo‘lib o‘tirgani yo‘q.

Mudofaa vaziri Mixail Fedorov shu hafta jurnalistlarga bergan intervyusida Ukraina “dushmanning hujumini sezilarli darajada sekinlashtirgani va tashabbusni asta-sekin o‘z qo‘liga qaytarayotganini” aytgan. U armiyaga ko‘proq odamlarni jalb qilishga qaratilgan islohotlarni tayyorlamoqda, vaholanki beshinchi yilga qadam qo‘ygan urushdan charchagan mamlakatda chaqiruv (safarbarlik) hanuz o‘ta ommabop bo‘lmagan choraligicha qolmoqda. Harbiy xizmatchilarning, birinchi navbatda, piyodalar safini to‘ldirish uchun ish haqini oshirish, rekrutlarni jalb qilishning boshqa usullarini topish, shuningdek, qo‘shinlarni joylashtirish samaradorligini oshirish va dronlarni (jumladan, yer usti dronlarini) qo‘llashni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Hatto eng jangovar ruhdagi rossiyalik harbiy muxbirlar ham yaqin oragacha zarurligini ta’kidlab kelgan safarbarlikka chaqirmay qo‘yishdi, deb qayd etadi urush boshidan beri z-hamjamiyatni o‘rganib kelayotgan Ivan Filippov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular bu hech qanday natija bermasligini tushunishadi: UQK dronlar yordamida oldingi chiziqni shu qadar qattiq nazorat qilmoqdaki, qo‘shinlarning ommaviy ravishda yetib kelishi frontni yorib o‘tishni emas, balki faqat yangi ommaviy talofatlarni anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Ukraina urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing