“Krokus” terakti bo‘yicha sud boshlandi. Fariduni aybiga iqror
Olam
−
16 dekabr 13101 4 daqiqa
Rossiyaning Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi 149 kishining hayotiga zomin bo‘lgan “Krokus siti Holl”dagi terrorchilik hujumi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha asosiy sudlanuvchilardan biri tojikistonlik Shamsiddin Faridunini so‘roq qilishni boshladi. Ishda 19 nafar sudlanuvchi bor va sud yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmoqda.
Jabrlanuvchilarning advokati Lyudmila Avvarning ma’lum qilishicha, sudlanuvchi aybini tan olgan, biroq, u nima qilayotganidan bexabar bo‘lgan.
Terrorchilar tomonidan yollanishidan oldin u novvoy bo‘lib ishlagan, qo‘shnilari uni “tinch, vijdonli yigit” deb ta’riflagan. Biroq, u voyaga yetmagan shaxsga jinsiy tajovuz qilgani uchun jazoni muddatini o‘tab, 2020 yilda ozodlikka chiqqan.
Hibsga olinganidan keyingi so‘roq paytida va dastlabki tergov davomida Fariduni Telegram’dagi rahbarlari tomonidan unga taklif qilingan pullar uchun terroristik hujumda ishtirok etishga rozi bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, messenjerda u bilan bog‘langan anonim foydalanuvchi o‘zini voizning yordamchisi sifatida tanishtirgan va unga “iloji boricha ko‘proq odamni – beparvolik bilan o‘ldirishni” buyurgan.
Bundan tashqari, ish materiallariga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizalari jangarilarning qonida mefedron borligini aniqlagan. Faqat Fariduni ulardan mustasno. U to‘rt terrorchidan aybiga to‘liq iqror va pushaymon bo‘lgan yagona ijrochi.
O‘tgan hafta prokuratura sudda o‘z dalillarini taqdim etishni yakunladi. Sud matbuot xizmatining xabar berishicha, 4 avgustdan beri prokuratura 2000 dan ortiq shaxsning (jabrlanuvchilar va guvohlarning) ko‘rsatmalarini, jinoyat joyini tekshirish bayonnomalarini, shuningdek, hujjatlarni (buyumlarni), dastlabki tergov davomida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizalarini, ekspert xulosalarini va jinoyat ishining 400 dan ortiq jildida mavjud bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni tekshirgan.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, hujumni Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat yurituvchi “Viloyat Xuroson” terrorchi guruhining a’zolari sodir etgan. Hujumni uyushtirishda ayrim gumondorlar xorijdan kelgan bo‘lib, tayyorgarlikni chet elda o‘tkazgan. Qolganlari esa Rossiya hududida turgan va terror akti uchun moliyaviy va texnik vositalar to‘plagan. Tergovda aytilishicha, ulardan ba’zilari qurol-yarog‘ni noqonuniy tayyorlab, terrorchilarga topshirgan.
Huquq-tartibot idoralarining bayonotida, jinoyat sodir etilgach, to‘rt nafar ijrochi Ukrainaga qochishga uringan, biroq ular Bryansk viloyatida qo‘lga olingan.
Tergov doirasida 19 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ish sudga yuborilgan.
Ular quyidagi moddalarga ko‘ra javobgarlikka tortilgan:
- 205-modda – terroristik hujum;
- 205.1 – terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish;
- 205.3 – terrorchilik tayyorgarligi;
- 205.5 – terrorchilik tashkiloti faoliyatini tashkil etish yoki ishtirok etish;
- 222, 222.1 – qurol va portlovchi moddalar bilan noqonuniy muomala,
- 223, 223.1 – qurol va portlovchi qurilmalarni noqonuniy yasash,
- 30-modda 1-qism – terrorchilikka tayyorgarlik ko‘rish;
- 205-modda 2-qism “a” bandi – oldindan til biriktirib sodir etilgan terroristik akt;
- 322.3 – chet ellik shaxsni Rossiyada soxta ro‘yxatga qo‘yish;
Jinoiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslar orasida Tojikiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari ham bor.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum 2024 yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘lgandi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
O‘tgan yilning 1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.
Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Live
Barchasi