Kubada yonilg‘i butunlay tugab qoldi
Olam
−
14 may 3041 2 daqiqa
Kuba energetika tizimi Amerika blokadasi tufayli kritik holatda qolmoqda. Mamlakatda yonilg‘i zaxiralari butunlay tugadi. Bu haqda Kuba Energetika vaziri Visente de la O Levi “Mesa Redonda” teledasturi efirida ma’lum qildi.
Levining bildirishicha, zaxiralar joriy may oyining boshiga kelib tugagan. Ularni oyning dastlabki kunlarigacha yetkazishga muvaffaq bo‘lingan.
“Bizda mazut ham mutlaqo qolmadi. Dizel yonilg‘isi ham bizda mutlaqo yo‘q... Yagona ega bo‘lgan narsamiz – bu o‘z konlarimizdan chiqayotgan yo‘ldosh gaz va milliy neftimizdir, uning qazib olinishi ham o‘sib bormoqda”, deydi u.
Vazirning fikricha, mamlakatning energiya tashuvchilarga bo‘lgan ehtiyojini bir martalik yetkazib berishlar bilan qoplab bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsiy neft va yo‘ldosh gaz qazib olish ichki talabning faqat bir qisminigina qoplaydi, xolos.
Uning aytishicha, poytaxtda elektr ta’minotidagi uzilishlar sutkasiga 20–22 soatga yetmoqda, o‘chirishlar oralig‘idagi chiroq beriladigan vaqt esa atigi bir necha soat davom etishi mumkin.
Qayd etish joiz, Gavanada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng keng ko‘lamli rejali elektr uzilishlari sodir bo‘ldi. Poytaxtning bir necha tumanlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, unda “Chiroqni yoqing!” va “Birlashgan xalq hech qachon yengilmaydi!” kabi shiorlar yangradi.
Bungacha Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida so‘nggi kunlarda energetika tizimidagi vaziyat “juda tarang” ekanini yozgan. U bunga sabab qilib AQSH tomonidan o‘rnatilgan energetik blokadani ko‘rsatgan.
“Bugungi kunda tig‘iz vaqtlarda yoki tungi yuklama paytida 2000 MVtdan ortiq defitsit (taqchillik) prognoz qilinmoqda”, deydi Dias-Kanel.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyi oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Kuba tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid tufayli favqulodda holat rejimini joriy qilgan edi. Bu Vashingtonga orolga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft yetkazib beruvchi davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar solish imkonini berdi. O‘shandan beri Kuba bir necha bor to‘liq elektrsiz qolish (blekaut) holatlarini boshdan kechirdi: orolda kunlik ehtiyoj 110 ming barrel bo‘lgani holda, zarur yonilg‘ining atigi 40 foizi – kuniga taxminan 30 ming barrel neft ishlab chiqariladi.
Live
Barchasi