“Kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham siljitish mumkin”. Mirziyoyev Yaponiyadagi sammitda qatnashdi

Jamiyat

image

Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bundan 20 yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lganini qayd etgan.

“Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida Yaponiya ishonchli hamkorimiz bo‘lib kelayotganini, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilma, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan va ta’lim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini yuksak qadrlaymiz. Shu sababli, Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yanada keng va faol ishtirok etishidan manfaatdor” degan Mirziyoyev.

Mintaqa tabiiy resurslarga boyligi, jahondagi transport, savdo va energetika yo‘nalishlari chorrahasida joylashgani, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining jadal sur’atlarda o‘sayotgani hamda bu yerda kechayotgan yaqinlashish va integratsiyaning faol jarayonlari Yaponiya bilan kooperatsiya uchun qulay sharoit yaratmoqda.

“Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, agar kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham o‘z o‘rnidan siljitish mumkin”, degan O‘zbekiston Prezidenti.

Mirziyoyev sammit kun tartibiga o‘tar ekan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘z nuqtai nazarini taqdim etgan.

Eslatib o‘tanmiz, kecha, 19 dekabr kuni Tokioga tashrifining birinchi kuni yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Akasaka saroyida Yaponiya Bosh vaziri nomidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sharafiga o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yaponiya Tokio Markaziy Osiyo + Yaponiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing