Lavrov Rubio bilan Eron va Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi
Olam
−
06 may 2038 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio telefon orqali gaplashdi. Bu haqda kecha, 5 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va AQSH Davlat departamenti ma’lum qildi.
Bu so‘nggi yarim yildan ortiq vaqt ichida ularning birinchi muloqoti bo‘ldi. Ular Ukraina va Eron masalalarini muhokama qildi.
Rossiya TIV bayonotiga ko‘ra, tomonlar xalqaro vaziyat va Rossiya–AQSH munosabatlaridagi hozirgi holat bo‘yicha “fikr almashish (holatni solishtirish)” o‘tkazgan, shuningdek ikki tomonlama aloqalar jadvalini ham muhokama qilgan.
AQSH Davlat departamenti vakili Tommi Piggottning aytishicha, telefon qo‘ng‘irog‘i Rossiya tashabbusi bilan bo‘lgan. Lavrov va Rubio AQSH–Rossiya munosabatlari, Rossiya–Ukraina urushi hamda Eron atrofidagi vaziyatni muhokama qilishgan.
Lavrov va Rubio oxirgi marta 2025 yil 20 oktyabrda telefon orqali gaplashgan edi. O‘sha paytda ular Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan choralarni hamda Vladimir Putin va Donald Tramp ishtirokida Budapeshtda o‘tishi rejalashtirilgan, ammo amalga oshmagan Rossiya–AQSH sammitini muhokama qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH tomonidan Eron hududida o‘tkazilgan “Epik g‘azab” nomli harbiy operatsiya yakunlanganini ma’lum qilgandi. U “Ozodlik loyihasi” operatsiyasi davom etayotganini bildirdgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozida kemalarni kuzatishga asoslangan “Ozodlik loyihasi” vaqtincha to‘xtatilganini aytgandi.
Live
Barchasi