Lavrov Samarqanddagi haykal yonida ruscha yozuv yo‘qligidan nolidi (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqand shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Vazir Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan askarlarni xotirlab yozilgan yodgorlik so‘zlari faqat ingliz tiliga tarjima qilinganini aytib, bunga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning e’tiborini qaratgan.

“Ko‘ryapman, bu yerdagi yozuv ingliz tilida ham bor. Xo‘sh, nega ruschasi yo‘q?”, degan Lavrov.

Gap haykal ostiga yozilgan “Sen har doim bizning qalbimizdasan, azizim” so‘zlari haqida ketmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha, 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. 

Lavrovning 22-23 aprel kunlariga mo‘ljallangan O‘zbekistonga safari haqida oldinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, Sergey Lavrov tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv, shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan batafsil muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. 

Ma’lumot uchun, Sergey Lavrov so‘nggi bor O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan 2023 yilning aprelida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining tor va kengaytirilgan shakldagi yig‘ilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgandi. O‘shanda ham yig‘ilish Samarqandda bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Sergey Lavrov Motamsaro ona haykali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing