Lavrov “Tolibon” vaziri bilan gaplashdi
Olam
−
23 iyul 2739 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 23 iyul kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar rus va afg‘on xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qayd etgan.
Shuningdek, Lavrov va Muttaqiy ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, jumladan, terrorizm va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, iyul oyi boshida Rossiya Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Aprel oyida Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi “Tolibon” harakatining Rossiyadagi faoliyatini taqiqlashni to‘xtatdi. Deyarli bir yil avval, 2024 yilning may oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi Putinga shunday taklif bilan murojaat qilgan edi. 2024 yilning dekabrida Vladimir Putin “Tolibon”ni Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bungacha Rossiyada ro‘yxatdan chiqarib tashlash mexanizmi yo‘q edi.
“Tolibon” harakati 2003 yilda Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. 2021 yilning avgustida Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin u hokimiyatni qo‘lga oldi. O‘shandan beri “Tolibon” vakillari muntazam ravishda Rossiyaga boradi. Putin bu harakatni Moskvaning terrorizmga qarshi kurashdagi “ittifoqchisi” deb atadi.
Live
Barchasi