9 chaqaloq vafot etgan tug‘uruqxonaning shifokorlari ushlandi
Olam
−
14 yanvar 16880 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiyaning Kemerovo viloyatidagi tug‘uruqxonada ikki haftada to‘qqiz nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holatdan so‘ng tug‘uruqxonaning bosh shifokori va reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs hibsga olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Keltirilishicha, Rossiya Davlat tergov qo‘mitasi shifokorlar beparvolik tufayli o‘limga sabab bo‘lganlikda gumon qilinib, hibsga olinganini ma’lum qilgan.
“Gumonlanuvchilarning tibbiy yordamni tashkil etish va ko‘rsatishdagi rasmiy va professional vazifalarini noto‘g‘ri bajarganliklari oqibatida 2025 yil 1 dekabrdan 2026 yil 12 yanvargacha to‘qqiz nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq vafot etdi”, deyiladi xabarda.
Mahalliy ayollarning aytishicha, tug‘uruqxonada shifokorlar ayollarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. Tug‘ruq jarayonida janjallashgan va ularni haqoratlagan. Ba’zi chaqaloqning bo‘yinlari tug‘ruq jarayonida singan yoki qisilib qolish oqibatida kislorod yetmay qolib, go‘daklar bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.
Davlat va mustaqil axborot vositalari tomonidan xabar qilingan bu ish Rossiyada keng ko‘lamli g‘azabga sabab bo‘lgan. Siyosatchilar, sharhlovchilar va oddiy rossiyaliklar agar bunday fojialarga yo‘l qo‘yilsa, mamlakatda ustuvor vazifa bo‘lmish tug‘ilishni qanday oshirish mumkinligini iddao qilgan.
Shunday qilib, ikki hafta ichida to‘qqiz go‘dak vafot etgan. Mas’ul shifokorlarga nisbatan kecha, 13 yanvar kuni Rossiya Jinoyat kodeksining “Ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” va “Ehtiyotsizlik” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, hozirda ushbu tibbiyot muassasasi xodimlar orasida O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya) bilan kasallanish darajasi yuqori bo‘lgani sababli yopilgan. Muassasa ma’muriyati akusherlik statsionarida kadrlar tanqisligi yo‘qligini, qayta ochilish sanasi keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.
Live
Barchasi