Londondagi o‘zbek shov-shuvi: 100 million dollarlik imkoniyat!
Biznes
−
04 aprel 12819 3 daqiqa
London. Dunyo savdo yo‘llari kesishgan nuqta. Bugun bu yerda shunchaki ko‘rgazma emas, balki kelajak ta’mi belgilanyapti. Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasi – yuzga yaqin davlatlar, minglab brendlar va trillion dollarlik bozorning yuragiga aylandi. Bu yilgi “Kelajakni to‘ydirish” g‘oyasi bilan o‘tayotgan global forumda O‘zbekiston ovozi har qachongidan balandroq yangramoqda. 30 ga yaqin o‘zbek tadbirkori, yuz million dollardan ortiq eksport salohiyati va milliy g‘urur sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan “Made in Uzbekistan” brendi. O‘zbekistonliklar shunchaki mahsulot emas, balki quyoshli o‘lkaning barakasini ham Buyuk Britaniyaga olib bordi.
Katta bozorga kirish uchun faqat mahsulot yetarli emas, mustahkam diplomatik ko‘prik va strategik reja kerak. O‘zbekistonning Britaniya bozoridagi yangi qadamlari uchun davlat darajasidagi qo‘llab-quvvatlov berildi.
Eksport – bu matematika va raqobat. Har bir qadoq, har bir sertifikat ortida ulkan mehnat yotibdi. Milliy mahsulotlarni dunyo peshtaxtalariga olib chiqayotganlar buni juda yaxshi biladi. O‘zbek zamini bergan ne’matlarni innovatsiya bilan birlashtira olganlar ham qatnashyapti xalqaro ko‘rgazmada. Ular bugun London markazida turib, dunyo iste’molchilarining hayratiga sabab bo‘lyapti.
Bugungi iste’molchi faqat mazali emas, balki foydali va aqlli ishlangan mahsulotni qidirmoqda. Ko‘rgazmadagi o‘zbek innovatsiyalari xalqaro ekspertlarni hayron qoldira oladimi?
“O‘zbekiston katta tarkib bilan ko‘rgazmada ishtirok etayotgani biz uchun juda quvonarli. Bu mamlakatning eksport ambitsiyalari shunchalik yuqoriki, ular bir necha 10 yildan beri ishtirok etayotgan nufuzli davlatlar bilan teng darajada qatnashmoqda. Mahsulotlarning tabiiylik darajasi, sifati va ta’mi shaxsan meni ham qoyil qoldirdi”, deydi ko‘rgazma direktori Federiko Delloflore.
Ulkan maydonlarda tasodifiy muvaffaqiyatlar bo‘lmaydi. Bu yerda har bir mahsulot elakdan yaxshilab o‘tkaziladi. Londondagi ko‘rgazmaning haqiqiy nufuzi shartnomalar soni bilan emas, balki ekspertlar bergan baho bilan o‘lchanadi. “O‘zbekiston stendi diqqatni o‘ziga torta oldimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga jahon bozorining o‘yin qoidalarini belgilaydigan mutaxassislar javob berishi adolatli bo‘ladi.
“O‘zbekiston bu yilgi ko‘rgazmada o‘zining rekord darajadagi ishtirokini namoyish etmoqda. Pavilon maydoni o‘tgan yilga nisbatan uch baravar kengaydi. Eng muhimi, tadbirkorlar ko‘rgazmaning markaziy qismida, eng gavjum yo‘lakka joylashdi. Bu esa tashrif buyuruvchilar oqimini sezilarli darajada oshirdi. O‘zbekiston mahsulotlarining ta’mi va sifati boshqa davlatlarniki bilan solishtirganda ancha yuqori. Bu yerda “Premium klass” sifatida qabul qilinyapti. Tatib ko‘rgan har bir kishi:“Buni qayerdan sotib olsa bo‘ladi?”, deb so‘rayapti, deydi “Trade Development Company” direktori Eva Novikova.
Ko‘rgazma yakunlandi, ammo O‘zbekiston uchun hammasi endi boshlanmoqda. Bu shunchaki uch kunlik tadbir emas, balki global zanjirga uzilmas xalqa bo‘lib ulanish edi. Eng muhimi – o‘zbeklar bu yerda tasodifiy mehmon emas. Hozirdanoq, 2027 yilda o‘tkaziladigan ko‘rgazma uchun O‘zbekiston o‘z o‘rnini band qilib ulgurdi. Kelasi yil o‘zbekistonlik tadbirkorlar yanada kattaroq, yanada kuchliroq va yanada zamonaviyroq qiyofada qaytishi uchun imkoniyat bor. Ularning o‘zi bu uchun harakat qilishsa bas.
Batafsil Qalampir.uz’ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi