Londondagi markaziy ko‘cha Ramazon munosabati bilan bezatildi (foto, video)

Olam

image

Angliyaning London shahridagi mashhur Koventri ko‘chasi muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan to‘rtinchi bor maxsus yoritish bezaklari bilan bezatildi. Bu haqda London meri Sodiq Xon o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

London markazidagi Pikadilli sirkidan Lester maydonigacha cho‘zilgan Koventri ko‘chasi yana bir bor Ramazon bayrami munosabati bilan yoritilgan. Loyiha “Aziz” jamg‘armasi tomonidan London munitsipaliteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Bu yil ko‘cha geometrik yorug‘lik naqshlari bilan bezatilgan, piyodalar boshi uzra esa “Happy Ramadan!” (“Ramazon muborak!”) yozuvi tushirilgan installyatsiya porlab turibdi.

Yoritish marosimida London meri Sodiq Xon ishtirok etgan. U jamg‘arma vakili Rahima Aziz bilan birgalikda bayramga start bergan. Merning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt yil avval London G‘arb dunyosida markaziy ko‘chasi Ramazon sharafiga chiroqlar bilan bezatilgan birinchi shahar bo‘lgan. U mazkur tashabbus Britaniya poytaxtining madaniy va diniy xilma-xilligiga hurmat ramzi ekanini qayd etgan.

Sodiq Xonning aytishicha, Ramazon turli e’tiqod vakillarini o‘zaro tushunish va birdamlik qadriyatlari atrofida birlashtiradi. Bayramona chiroqlar 19 martga qadar davom etadi. Bezash uchun qariyb 31 mingta LED chiroqdan foydalanilgan bo‘lib, ular har kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00 dan 01:00 gacha yoqib qo‘yiladi.

Mazkur ko‘chada Ramazon sharafiga ilk bor 2023 yilda chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lib, shundan buyon bu an’anaga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

London Ramazon Koventri ko'chasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing