Londonda “O‘g‘irlanmagan kelin” filmi qahramonlariga haykal qo‘yildi (video)

Madaniyat-san’at

image

Angliyaning London shahrida Bollivudning mashhur filmlaridan biri “O‘g‘irlanmagan kelin” filmi qahramonlari Raj (Shohruxxon) va Simran (Kajol)ning bronza haykali tantanali ravishda ochildi. Bu haqda “Hindustan Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur haykal filmning 30 yillik yubileyiga bag‘ishlanadi. Haykal Londonning Lester-skver maydonida o‘rnatilgan. Bronza haykal filmning mashhur sahnasidagi Raj va Simran obrazlarini aks ettiradi. “O‘g‘irlanmagan kelin” Scenes in the Square yo‘lakchasida haykalga ega bo‘lgan birinchi hind filmi hisoblanadi.

Ochilish tadbirida film yulduzlari Shohruxxon va Kajol ham ishtirok etgan va marosimni ularning o‘zi ochib bergan.

Shohruxxon o‘zining Instagram'dagi sahifasida post qoldirib, Raj va Simranning bronza haykalini ochganidan juda xursandligini bildirgan.

“Katta-katta mamlakatlarda kichik-kichik ko‘ngilsizliklar bo‘lib turadi, senorita! Buyuk Britaniyadagi barchaga minnatdorlik bildiraman. Agar Londonga borsangiz, Raj va Simranni ko‘rib keting”, deydi aktyor.

Ma’lumot uchun, “O‘g‘irlanmagan kelin” filmi rejissyor Aditya Chopra tomonidan 1995 yilda suratga olingan. Bosh rollarni Shohruxxon (Raj) va Kajol (Simran) ijro etgan. Film Raj va Simran ismli ikki yoshning sevgi tarixini hikoya qiladi. Raj Londonda yashovchi mustaqil va ozod fikrli yigit, Simran esa an’anaviy oilada ulg‘aygan qiz bo‘lib, ota-onasining qoidalariga amal qiladi. Ularning yo‘llari Yevropada to‘qnashadi va ular bir-biriga oshiq bo‘ladi. Lekin Simranning ota-onasi uni an’anaviy tarzda boshqa yigitga turmushga chiqarishni rejalashtiradi. Film asosan oila qadriyatlari, sevgi va jasorat mavzularini aks ettiradi.

“O‘g‘irlanmagan kelin” kinosi butun dunyoda sevib tomosha qilinadi. Raj hamda Simran obrazlari kino ixlosmandlari qalbida abadiy qolgan. Film Hindiston kinosida eng uzoq davom etgan film sifatida rekord o‘rnatgan va Mumbaydagi Maratha Mandir kinoteatrida 25 yildan ortiq vaqt davomida namoyish etilgan.

Film sevgi va an’analar o‘rtasidagi ziddiyat, jasorat va mustaqillik mavzularini ochib beradi va ko‘plab keyingi hind romantik filmlariga ilhom bergan.


Maqola muallifi

Teglar

London O'g'irlanmagan kelin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing