Myanma yetakchisi vafot etdi

Olam

image

2021 yildagi harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyatga kelgan Myanma prezidenti vazifasini bajaruvchi Min Shve 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, siyosatchi bugun, 7 avgust kuni ertalab poytaxt Neypido shahridagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. O‘tgan yilning iyulida u sog‘lig‘i tufayli ta’tilga chiqqan va o‘shandan beri davlat rahbarining asosiy vakolatlarini harbiy xunta yetakchisi, Qurolli kuchlar Bosh qo‘mondoni Min Aun Xlayn bajarib kelayotgandi.

2023 yil boshidan beri Min Shve mustaqil harakatlana olmasdi va ovqat iste’mol qilishda qiynalardi. “Eleven Myanmar” nashrining yozishicha, tibbiy tekshiruvlar u Parkinson kasalligi va boshqa asab tizimi buzilishlaridan aziyat chekayotganini ko‘rsatgan. Vafotidan oldin Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi vakili general-mayor Zo Min Tun uning ahvoli og‘ir ekanini bildirgan.

Sobiq general-leytenant bo‘lgan Min Shve 2021 yil 1 fevralda vaqtinchalik prezident etib tayinlangan edi. Harbiylar o‘shanda prezident Vin Min, davlat maslahatchisi Aun San Su Ji va hukmron “Milliy demokrat liga” partiyasining boshqa yetakchilarini hibsga olgan va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan. Xunta muxolifat, jumladan, demokrat faollar va etnik ozchiliklar militsiyalari bilan to‘qnashuvlar tufayli favqulodda holatni bir necha bor uzaytirdi. U oxir-oqibat joriy yilning iyul oyi oxirida bekor qilindi.

Min Shve nomigagina konstitutsiyaviy organ bo‘lgan, amalda esa harbiylar tomonidan boshqariladigan Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashiga raislik qilgan. Uning vakolatlari asosan ramziy bo‘lib, favqulodda holatni uzaytirish haqidagi farmonlarni imzolash kabi vazifalarni bajargan. Amaldagi hukumat faoliyatini esa bosh vazir etib tayinlangan Min Aun Xlayn nazorat qilgan. Ularning ikkalasi ham AQSH sanksiyalari ostida bo‘lib, AQSH Moliya vazirligi Min Shveni “demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatni ag‘darishda muhim rol o‘ynagan” shaxs sifatida ta’riflagan.

To‘ntarishdan oldin Min Shve Myanma vitse-prezidenti bo‘lgan. 2011-2016 yillarda esa Yangon provinsiyasining bosh vaziri lavozimida ishlagan. 2007 yilda buddist rohiblar boshchiligidagi hukumatga qarshi noroziliklarni bostirishda ishtirok etgan. Bu voqealarda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuzlab kishilar hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ruminiyaning birinchi prezidenti Ion Iliyesku shifoxonada deyarli ikki oy yotganidan so‘ng 95 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

M'yanma M'in Shve

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing