Maduro qachon iste’foga chiqishini aytdi
Olam
−
01 dekabr 9270 2 daqiqa
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH va Venesuela o‘rtasidagi ilgarigi norasmiy muzokaralar chog‘ida amerikalik vakillarga 18 oydan keyin iste’foga chiqishi mumkinligini aytgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, ayrim AQSH rasmiylari Maduroning iste’fosi vaziyatni hal qilishi mumkin, deb hisoblagan. Biroq Oq uy faqat darhol iste’fo nazarda tutilgan rejani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Ma’muriyatning bir necha vakillari ta’kidlashicha, Maduro va uning atrofidagilar Oq uy bilan bir necha kanal orqali bog‘langan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar qanday ko‘rinish olishi mumkinligini muhokama qilmoqda.
“The New York Times” ma’lumotiga ko‘ra, oldinroq Maduro va Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan, unda tomonlar AQSHda uchrashuv o‘tkazish imkonini muhokama qilgan, ammo kelishuvga erisha olmagan. Suhbat AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida o‘tgan.
Noyabr oyida “Reuters” AQSH rasmiylariga tayanib yozishicha, Vashington Venesuela rahbarini ag‘darish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bundan avval “Financial Times” ma’lumotiga ko‘ra, Maduroni qo‘lga olish Venesuelaga hujum qilishning uchta ehtimoliy ssenariyidan biri bo‘lgan.
Bundan tashqari, “The New York Times” 19 noyabr kuni manbalarga tayanib xabar berganidek, Maduro AQSHga 2–3 yillik o‘tish davri mobaynida iste’foga chiqish taklifini bergan. U bu g‘oyani norasmiy muzokaralar chog‘ida bildirgan. Biroq Oq uy bu taklifni ham rad etib, darhol lavozimdan ketishni talab qilgan.
AQSH Venesuela rahbari bilan aloqalarga qaramay, Karib havzasida harbiy mavjudligini kuchaytirishda davom etmoqda. Tramp 2025 yil avgust boshlarida Amerika harbiylariga lotin amerikalik narkokartellarga qarshi kuch ishlatishga ruxsat bergan. Avvalo, Venesuela kartellari nazarda tutilgan. Yoz oxiriga borib, Venesuela qirg‘oqlari yaqinida AQSH dengiz floti desant kemalari guruhlari va uch esminetsdan iborat flotiliya joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela va unga tutash hududlar ustidagi havo makonini to‘liq yopilganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi