Maduroni AQSHning “Delta” maxsus bo‘linmasi qo‘lga oldi – CBS

Olam

image
AQSH aholi punktlariga zarba berdi – Venesuela Mudofaa vazirligi north_east

AQSH aholi punktlariga zarba berdi – Venesuela Mudofaa vazirligi

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH armiyasining “Delta” maxsus bo‘linmasi jangchilari tomonidan qo‘lga olingan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CBS telekanali jurnalisti Jennifer Jeykobs ma’lum qildi. 

“Manbalarimning xabar berishicha, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH Qurolli kuchlarining maxsus elita bo‘linmasi – Delta Force tomonidan qo‘lga olingan”, deydi jurnalist.

Ma’lumot uchun, “Delta” – AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan 1-maxsus operativ otryad bo‘lib, u 1970 yillarning oxirida tuzilgan. Ushbu bo‘linma AQSHning deyarli barcha yirik harbiy amaliyotlarida ishtirok etgan.

Xususan, 1989 yilda “Delta” Panamada o‘tkazilgan operatsiyada qatnashgan. O‘shanda AQSH narkotrafikka qarshi kurash bahonasida Panama Prezidenti Manuel Noregani hokimiyatdan ag‘darib tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u ushbu operatsiya AQSH huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilganini, tafsilotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.

Bugun, 3 yanvar kuni ertalabdan beri Venesuela poytaxtida va mamlakatning boshqa aholi punktlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Buning ortidan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Venesuela poytaxti Karakas harbiy hujumga uchrayotganini ma’lum qildi.

Qayd etish joiz, 2025 yil kuz boshida AQSH Karib dengizi hududiga o‘zining eng zamonaviy Gerald Ford aviatsiya tashuvchisini, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan edi. Sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarbalar berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni Venesuelaning huquqiy prezidenti sifatida tan olmaydi va mamlakat hukumatini narkotrafikka qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.

17 dekabr kuni Tramp Venesuelaga borayotgan va undan chiqayotgan, sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish buyrug‘ini berganini e’lon qilgan.

Sentyabr boshida CNN Tramp Venesuela hududidagi narkokartellarga zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini xabar bergan edi. Biroq noyabr o‘rtalariga kelib, Tramp Venesuelada quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik bo‘yicha hali qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Nikolas Maduro Del'ta maxsus bo'linma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing