Maishatbozlikka berilgan mansabdor ishdan olindi
Jamiyat
−
27 yanvar 19122 2 daqiqa
O‘tgan hafta Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i Dilshod Usmonov ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgani uchun ishdan olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion so‘mga yetgan, bu byudjet yiliga 7,5 trillion so‘mni yo‘qotyapti degani.
Birgina aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard so‘m soliqdan qochilgan.
Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etilgan. Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilarning qariyb 30 mingi QQSning biror so‘mini to‘lamagan yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining to‘rtdan biri ishlatilmayapti.
Ayrim soliq boshliqlari tushumni ko‘paytirish o‘rniga qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan bandligi ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, shaharda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 70 milliard so‘m soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. So‘nggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, byudjetga 27 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
O‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i Dilshod Usmonov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.
Live
Barchasi