Makron tez orada lavozimidan ketadi – Tramp
Olam
−
17 mart 2663 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makron tez orada o‘z lavozimini tark etishini aytdi. Bu haqda u bugun, 17 mart kuni jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Jurnalistlar Amerika Prezidentining Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuvida Trampdan Makronning Parij Hormuz bo‘g‘ozini qamaldan chiqarishda yordam bermasligini qanday baholashini so‘ragan.
“U [Makron] juda yaqin orada o‘z lavozimini tark etadi”, deya javob bergan Oq uy rahbari.
Ma’lumot uchun, Makronning prezidentlik vakolatlari 2027 yil may oyida tugaydi. Hozirda uning ikkinchi prezidentlik muddati davom etmoqda. Shu sababli u 2027 yilgi saylovlarda qatnasha olmaydi – Fransiyada bir kishi ketma-ket ikki muddatdan ortiq davlat rahbari lavozimini egallashi mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, Hormuz bo‘g‘ozi Eron tomonidan yopib qo‘yilgan. Bu AQSH va Isroil Tehronga qarshi harbiy amaliyot boshlaganidan keyin sodir bo‘ldi. Tramp avvalroq NATO davlatlariga Hormuz bo‘g‘ozini qamaldan chiqarishda yordam berish iltimosi bilan murojaat qilgan, biroq qo‘llab-quvvatlanmagan edi.
Yevropa Ittifoqida Trampning Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash amaliyotiga qo‘shilish haqidagi taklifi ishtiyoqsiz kutib olindi. Xususan, Germaniya kansleri Fridrix Mers Erondagi urush “NATOning ishi emas” deb bayonot berdi. U shuningdek, Berlin Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlashda AQSHga yordam bermasligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas AQSH va Isroilni Eronga qarshi urushni yakunlashga chaqirdi. Buning ortidan Donald Tramp NATO davlatlarini Eronga qarshi urushda ishtirok etishni istamayotgani uchun keskin танқид qildi.
Live
Barchasi