Tramp Eron urushiga qo‘shilmagan NATO davlatlarini keskin tanqid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp NATO davlatlarini Eronga qarshi urushda ishtirok etishni istamayotgani uchun tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 17 mart kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasida yozdi.

“NATO bo‘yicha ittifoqchilarimizning aksariyati AQSHga Yaqin Sharqdagi Eron rejimiga qarshi harbiy amaliyotimizda ishtirok etishni istamasliklarini ma’lum qilishdi. Bu deyarli har bir davlat biz qilayotgan ishlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlagani va Eronga hech qanday holatda yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga rozi bo‘lganiga qaramay yuz bermoqda.

Biroq men ularning bu harakatlaridan hayratda emasman, chunki men doim NATOni – biz ushbu mamlakatlarni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliard dollar sarflaydigan tashkilotni – bir tomonlama ko‘cha deb hisoblaganman. Biz ularni himoya qilamiz, lekin ular biz uchun, ayniqsa og‘ir damlarda hech narsa qilishmaydi”, deb yozdi Tramp.

Shu bilan birga, Oq uy rahbari AQSH go‘yoki NATO yordamisiz ham Eron Qurolli kuchlarini allaqachon “yo‘q qilib bo‘lganini” bildirgan.

“Eng muhimi, ularning deyarli barcha darajadagi yetakchilari yo‘q qilindi va endi hech qachon bizga, Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarimizga yoki dunyoga tahdid sola olmaydi! Biz bunday harbiy muvaffaqiyatga erishganimiz sababli bizga endi NATO davlatlarining yordami “kerak emas” va maqsadga muvofiq ham emas – bu bizga hech qachon kerak bo‘lmagan! Xuddi shu gap Yaponiya, Avstraliya yoki Janubiy Koreyaga ham tegishli.

Aslida, dunyodagi eng qudratli davlat bo‘lmish Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti sifatida aytyapmanki, bizga hech kimning yordami kerak emas”, deydi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Kaya Kallas AQSH va Isroilni Eronga qarshi urushni yakunlashga chaqirgandi.

Qayd etish joiz, shuningdek Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilari va hamkor davlatlarga murojaat qilib, Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlashda yordam berishga chaqirgandi. Biroq ko‘plab Yevropa davlatlari AQSH Prezidenti Donald Trampning neft, gaz va boshqa tovarlar tranziti uchun o‘ta muhim nuqta bo‘lgan bo‘g‘ozdagi Eron blokadasini yorib o‘tish missiyasida ishtirok etish haqidagi chaqiriqlarini rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing