Makron Yevropada favqulodda holat e’lon qildi
Olam
−
10 fevral 7661 2 daqiqa
Joriy yilning 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi yig‘ilishidan oldin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kecha, 9 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. U “The Economist” nashriga bergan intervyusida Yevropa geosiyosiy va geoiqtisodiy favqulodda vaziyatda ekanini bildirdi.
U Yevropa Ittifoqi yetakchilarini Amerika texnologiyasi va Xitoy importi qarshisida orqada qolmaslik uchun tezkor iqtisodiy harakatga chaqirgan.
Ko‘plab Yevropa yetakchilari muammoni tan olsa-da, Makronning takliflariga to‘liq qo‘shilishi ehtimoldan yiroq. Shunga qaramay, Germaniya, Italiya, Belgiya va boshqa davlatlar rahbarlari asosiy sammitdan avval alohida uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan. Makron ham bu uchrashuvga qo‘shilishini bildirgan.
Makronning Yevropa taraqqiyotini tezlashtirish va tashqi bog‘liqlikni kamaytirish uchun to‘rt asosiy taklifi bor: qoidalarni soddalashtirish, yetkazib beruvchilarni diversifikatsiya qilish, “Yevropa ustuvorligi” siyosatini joriy etish va innovatsiyaga katta sarmoya yo‘naltirish. Jumladan, u davlat va xususiy sektorni qamrab olgan kelajak uchun evrobondlarni ishga tushirishni, mudofaa, yashil texnologiya va sun’iy intellekt sohalariga sarmoya kiritishni taklif qilmoqda.
Makron Yevropaning strategik mustaqilligi uchun kuchli xususiy qoidalarni joriy etish tarafdori, ammo Germaniya va Italiya bu harakatni himoyachilik sifatida qabul qilishi mumkin. Shu bilan birga, Fransiya Prezidenti Yevropaning kuchini qadrlashini va 450 millionlik bozorini geosiyosiy kuch sifatida ishlatish imkoniyatini e’tirof etadi.
Uning ogohlantirishicha, vaqt o‘tyapti va Yevropa bu masalalarni hal qilmasa, boshqa davlatlar ancha oldinga o‘tib oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Yevropa AQSH yordamisiz o‘zini himoya qila olmasligini aytgani va Amerika yadroviy soyabonini “NATO erkinligining asosiy kafolati” deb ta’riflagani haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova
Live
Barchasi