Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy byudjetlarga o‘tkaziladi (video)
Jamiyat
−
04 dekabr 1075 1 daqiqa
2026 yildan akademik litseylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital ta’miri uchun xarajatlar Respublika darajasidan mahalliy byudjetlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu haqda kecha, 3 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yildan boshlab akademik litseylarni saqlash, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va mukammal ta’mirlash xarajatlari endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar byudjetlari va Toshkent shahar byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Shu munosabat bilan, respublika byudjeti parametrlarida mahalliy byudjetlarni qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi mablag‘lar ajratilishi prognoz qilingan: 2026 yilda jami 19,7 trln so‘m tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar, shundan 3,6 trln so‘m aksiz solig‘i tushumlari hisobidan yo‘naltiriladi.
Ushbu o‘zgarishlar mahalliy hokimiyat organlarining ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishdagi mas’uliyati va mustaqilligini oshirish, maktab va bog‘cha qurilishi hamda ta’mirida hududlarning ehtiyoj va ustuvorliklarini inobatga olish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kelgusi o‘quv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi