Ota-onalar diqqatiga: 1-sinfga qabul to‘liq elektronlashtirilyapti
Jamiyat
−
09 aprel 4101 1 daqiqa
O‘zbekistonda 2026-2027 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlari to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, qabul jarayonlari ikki xil tartibda amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 20 iyun – 31 iyul oralig‘ida mikrohudud doirasida hamda 1 avgust – 31 avgust sanalari oralig‘ida mikrohududdan tashqarida onlayn tarzda arizalar qabul qilinadi.
Shuningdek, onlayn qabul joriy etilgan tuman va shaharlar soni 64 tadan 135 taga, maktablar soni esa 1956 tadan 5689 taga oshirilgan. Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va my.maktab.uz orqali topshiriladi.
Yangi o‘quv yili uchun qabul yoshi an’anaga muvofiq 7 yoshga to‘lgan bolalar, ya’ni 2026-2027 o‘quv yili uchun 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilganlar uchun belgilangan.
Onlayn tizim joriy etilmagan hududlarda qabul oddiy tartibda maktablar tomonidan amalga oshiriladi. Qolaversa, qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha ma’lumotlar maktablarda ochiq e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, 12 nomdagi o‘quv qurollari bo‘lgan Prezident sovg‘alari joriy yilning 20 avgustiga qadar barcha maktablarga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy shahridagi 11-aniq fanlar chuqur o‘qitiladigan ixtisoslashgan maktabining 23 o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘lgandi.
Live
Barchasi