“Manchester Siti”da yana durrang, “Arsenal” ochko yo‘qotdi: APLda kurash qizimoqda
Sport
−
09 yanvar 1775 3 daqiqa
Kecha, 8 yanvar kuni Angliya Premer-ligasining 21-turi doirasida uchrashuvlar yakunlandi. Turning markaziy bahsida “Arsenal” “Liverpul” bilan bahsda murosa ko‘chasini tanladi. “Manchester Siti” ham o‘z maydonida “Brayton”ni mag‘lub eta olmadi va o‘yin durang natija bilan yakunlandi. Shuningdek, “Chelsi” safarda “Fulhem”ga qarshi o‘yinda kutilmagan mag‘lubiyatga uchrab, muhim ochkolarni boy berdi. “Manchester Yunayted” ham o‘z uchrashuvida g‘alabaga erisha olmadi va turni durang natija bilan yakunladi.
“Vest Hem”-“Nottingem Forest” – 1:2. APLning 21-turi aynan ushbu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlandi. Dastlab, mezbonlar hisobni ochganiga qaramay, “Nottingem Forest” ikkinchi bo‘limda faollikni oshirdi. Natijada Nikolas Dominges hamda Morgan Gibbs-Uayt tomonidan kiritilgan gollar jamoaga g‘alaba olib keldi.
“Bornmut”-“Tottenxem” – 3:2. Qarama-qarshi hujumlar va gollarga boy o‘tgan uchrashuvda “Bornmut” so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga g‘alabaga erishdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda “Manchester Siti”ga transferi hal bo‘lgan Semeno tomonidan kiritilgan gol jamoasiga muhim uch ochko olib keldi.
“Brentford”-“Sanderlend” – 3:0. Ushbu bahsda “Brentford” o‘z maydonida “Sanderlend” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Mezbonlar safidan Igor Tiago ikki marta, Yegor Yarmolyuk esa bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
“Kristal Pelas”-“Aston Villa” – 0:0. Tur doirasidagi yagona golsiz uchrashuv aynan ushbu jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Har ikki tomon ham himoyaga katta e’tibor qaratdi va o‘yin nursiz durang bilan yakunlandi.
“Everton”-“Vulverxempton” – 1:1. Bu bahsda ham jamoalar durang natija qayd etdi. Qizil kartochkalar va kurashlarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar bir ochkoga ega bo‘ldi.
“Fulhem”-“Chelsi” – 2:1. London derbisida “Fulhem” o‘z hamshaharlarini minimal farq bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Mezbonlar safida Raul Ximenes va Garri Uilson g‘alaba gollarining muallifi bo‘ldi.
“Manchester Siti”-“Brayton” – 1:1. 2026 yilda ketma-ket ikkinchi uchrashuvda durang qayd etgan “Siti” bu safar ham “Brayton” bilan ochkolarni bo‘lishib oldi. Uchrashuvda Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
“Byornli”-“Manchester Yunayted” – 2:2. O‘tgan turdan so‘ng bosh murabbiyi iste’foga chiqqan “Manchester Yunayted” mazkur turda “Byornli” maydoniga safar uyushtirdi. Qattiq kurash ostida o‘tgan bahs jangovar durang bilan yakunlandi.
“Nyukasl”-“Lids” – 4:3. Turning eng tomoshabop va gollarga boy uchrashuvida “Nyukasl” katta qiyinchilik bilan “Lids”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu g‘alaba jamoani turnir jadvalida kuchli beshlikka yaqinlashtirdi.
“Arsenal”-“Liverpul” – 0:0. Turning eng markaziy bahsi jamoalar golsiz durang qayd etdi. Shunga qaramay “Arsenal” hamon turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda turnir jadvalida Londonning “Arsenal” jamoasi 49 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Manchester Siti” 43 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda, “Aston Villa” esa xuddi shu ko‘rsatkich bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Angliya Premer-ligasida navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 17 yanvar sanasidan boshlanadi.
Live
Barchasi