Markaziy Osiyo poytaxtlari suv inqirozi xavfi ostida – ekspertlar

Bu qiziq

image
Tehronni evakuatsiya kutmoqda. Eron poytaxti qayerga ko‘chiriladi va bunga kim aybdor? north_east

Tehronni evakuatsiya kutmoqda. Eron poytaxti qayerga ko‘chiriladi va bunga kim aybdor?

Markaziy Osiyo suv tanqisligi chegarasiga keskin yaqinlashmoqda. Mintaqaning yirik shaharlarini bu chegara ortida bugun Eron poytaxti Tehronda kuzatilayotganga o‘xshash inqiroz kutishi mumkin. Bu haqdagi maqola “Nightingale” saytida e’lon qilindi.

Maqola mualliflari Sobir Qurbonov va Eldaniz Guseynov vaziyatni “Tehron inqirozi” bilan solishtirgan. Ayni paytda Eronning eng yirik shahri suvomborlarida suv “o‘lik hajm” darajasiga yaqinlashgan, hukumat esa aholining bir qismini evakuatsiya qilish rejasini tayyorlashga majbur bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, “suv ta’minoti yetarli” degan tasavvur allaqachon haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi: yerosti suvlari sathi pasaymoqda, tuproqlar sho‘rlanmoqda, ekotizimlar yemirilmoqda. Bu jarayonlar Orol havzasida allaqachon ko‘zga tashlanyapti va kelajakdagi shahar muammolarining belgisi sifatida qaralyapti.

Tahlilchilar mintaqa poytaxtlariga alohida e’tibor qaratgan. Toshkent va Bishkekning suv ta’minoti tarmoqlari, asosan, sobiq ittifoq davridan qolgan bo‘lib, doimiy avariya ta’mirlari hisobiga ushlab turiladi. O‘zbekistonda suv iste’moli dunyodagi eng yuqorilardan biri – bir kishi uchun sutkasiga 400 litrga yaqin. Bu Yevropa shaharlaridagidan deyarli ikki baravar ko‘p. Ushbu hajm esa yirik shaharlarni nihoyatda zaif qiladi, hatto kichik uzilishlarning o‘zi ham keng ko‘lamli o‘chirishlarga olib kelishi mumkin.

Mualliflar inqiroz boshqaruvdagi kamchiliklar bilan yanada og‘irlashayotganini ta’kidlaydi. Tariflar tarmoqlarni saqlash xarajatlarini qoplamaydi, suv agentliklari esa iste’molni oshirishda davom etayotgan qishloq xo‘jaligi idoralari bilan taqqoslaganda kuchsiz. Qo‘shimcha taranglik manbai sifatida Afg‘oniston omili qayd etiladi. Amudaryo oqimining uchdan birini burib yuborishi mumkin bo‘lgan “Qo‘shtepa” kanali qurilishi O‘zbekistonning janubiy hududlarida suv ta’minotiga allaqachon ta’sir ko‘rsatmoqda. Kelajakda bu butun Markaziy Osiyo bo‘ylab zanjirsimon oqibatlarga olib kelib, yukning Sirdaryoga tushishiga sabab bo‘lishi mumkin, bu esa Qozog‘istonga tahdid soladi.

Vaziyatni kuzgi qurg‘oqchilik ham murakkablashtirmoqda. Gidrometeorologiya xizmatlariga ko‘ra, ayrim hududlarda yog‘ingarchilik me’yordan 40-70 foiz past. Tojikistonda qishloq joylarda elektr energiyasi kuniga uch soatgacha cheklangan. Yomg‘irlar bo‘lmagani sababli havo sifati ham yomonlashmoqda: chang va tutun ifloslanish darajasini xavfli ko‘rsatkichlarga olib chiqmoqda.

Mutaxassislar agar islohotlar hozir boshlanmasa, mintaqada migratsiya o‘sishi, ijtimoiy norozilik kuchayishi va davlatlar o‘rtasida suv uchun raqobat ortishidan ogohlantirmoqda. “Tehron inqirozi”dan qochish uchun Markaziy Osiyo sug‘orishni modernizatsiya qilishi, suv tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirishi, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirishi, shahar qurilish qoidalarini qat’iylashtirishi va barqaror tarif siyosatini shakllantirishi zarur.

Mutaxassislar alohida band sifatida Amudaryo oqimini boshqarish bo‘yicha Afg‘oniston bilan tizimli muloqot zarurligini qayd etadi. Aks holda, suv inqirozi sekin, ammo muqarrar tarzda chuqurlashib boradi va bir kuni boshqarib bo‘lmaydigan darajaga yetadi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo suv inqirozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing