Rossiyalik propagandachi Markaziy Osiyo davlatlarini “o‘z o‘rnini bilish”ga chaqirdi (video)
Olam
−
27 yanvar 11320 3 daqiqa
Rossiya uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shuning uchun mazkur davlatlar “o‘z o‘rnini bilishi” kerak. Bu haqda politolog Sergey Mixeyev Vladimir Solovyovning “Rossiya 1” telekanalidagi “Vecher s Vladimirom Solovyovim” dasturi efirida gapirdi.
Sergey Mixeyev efirda mintaqaning tashqi siyosatiga nisbatan keskin tanqid bilan chiqib, amalda ularni teng huquqli hamkorlikka loyiq emasdek ko‘rsatgan.
Mixeyevning aytishicha, Moskva qo‘shnilarini ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlab, inqirozli vaziyatlarda “qutqarib”, strategik xato qilgan. Uning fikricha, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari Rossiyaga so‘zsiz sadoqat namoyon etishi shart, ammo buning o‘rniga mustaqil siyosat yuritishga jur’at qilmoqda. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi masalasi uning noroziligiga sabab bo‘lgan.
“Rossiya mehnat bozoridan foydalanib, bu mamlakatlar o‘zlarini “qarzdor” deb tan olmayapti va yetarlicha minnatdorlik ko‘rsatmayapti”, deydi u.
Mixeyev ochiqchasiga tahdidli ishora ham qilgan. U Ukraina ssenariysini eslab, Kremlning “ortiqcha yumshoqligi” va qattiq intizomning yo‘qligi shunday geosiyosiy “fojialarga” olib kelayotganini aytgan.
Bundan tashqari u postsovet respublikalarga “o‘z o‘rnini bilish” hayotiy zarurat ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandist Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.
Qolaversa, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.
Zaxarovaning qayd etishicha, rossiyalik jurnalistning fikrlari rasmiy Moskvaning pozitsiyasini ko‘rsatmaydi va jurnalist bu gaplarni o‘zining kanalida aytgan, xolos. Zaxarova rasmiy bayonotni vakolatli shaxslar berishi bu divanda yotib olib gapiradigan tahlilchilarning ishi emasligini qo‘shimcha qilgan.
O‘zbekistonda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning mazkur gaplariga munosabat bildirdib, uning gaplarini “safsata” o‘zini esa “nusxa” deb atagandi.
“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, degan Bekmurodov.
Live
Barchasi