Markaziy Osiyodagi birinchi Telegram ofisi Qozog‘istonda ochiladi
Olam
−
02 Oktabr 2993 2 daqiqa
Qozog‘istonda Telegram’ning sun’iy intellektga asoslangan laboratoriyasi ochiladi. Bu haqda bugun, 2 oktyabr kuni messenjer asoschisi Pavel Durov Ostona shahrida o‘tkazilgan Digital Bridge forumida ma’lum qildi.
Forumda Durov tomonlar yangi texnologiya ustida ishlashini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, ushbu texnologiya blokcheyn va neyrotarmoqlarni birlashtiradi.
“Bu texnologiya bir milliarddan ortiq odamga sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanish imkonini beradi. Ular markazlashmagan kompyuter tizimi tomonidan xususiy tartibda ishlab chiqariladi”, deydi Durov.
Qayd etish joiz, Durov Digital Bridge forumidagi ishtiroki doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham uchrashgani haqida xabar berilgandi. Ular kiberxavfsizlik, ta’lim va sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilgan.
Bundan tashqari, Durov kecha, 1 oktyabr kuni Qozog‘istonda iqtidorli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan va o‘zi homiysi bo‘lgan xususiy maktabni ham ko‘zdan kechirgan. O‘tgan yili milliarder 12 nafar istiqbolli o‘smirning ta’limi uchun 350 ming dollar xayriya qilgan.
Bu Durovning Qozog‘istonga ilk tashrifi emas. U o‘tgan yil iyun oyida mamlakat hukumatining taklifi bilan ham kelgan. O‘shanda Qozog‘iston regulyatori Toncoin tokeni savdolarini litsenziyalangan platformalarda amalga oshirishga ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili oktyabrda Qozog‘iston Respublikasining Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmika sanoati vazirligi Telegram bilan vakil tayinlash va ofis ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar bergan edi. Bu qadam kontent ustidan nazoratni oshirish uchun muhim ekani va mamlakat foydalanuvchilarining xavfsizligini yaxshilashga qaratilgani bilan izohlangan.
Live
Barchasi