“Toshkentga keldi, buvimdan xabar olmadi”. Lola Karimovaga qizi ham “hujumga o‘tdi”
Jamiyat
−
16 Sentabr 89432 7 daqiqa
O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi, bloger Maryam Tillyayeva onasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan 5 yildan beri gaplashmayotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 15 sentyabr kuni Instagram sahifasida obunachilaridan kelgan savollarga javoban ma’lum qildi.
Maryam Tillyayeva onasi yaqin qarindoshlari orasida u muloqotni butunlay uzgan yagona inson ekanini aytgan.
“Men uning o‘zini tutishini juda g‘alati deb hisoblayman: u doimo boshqalarga o‘zini yaxshi ko‘rsatishga, ba’zida jabrdiyda ayol bo‘lib ko‘rinishga intiladi. Biroq O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa-da, onasining uyiga hatto qadam ham bosmagan va o‘zini juda g‘alati tutgan”, deb yozgan bloger.
U bunday holat bir paytlar unga og‘riqli ta’sir qilgani, lekin hozir bunga ko‘nikkani va shunchaki onasi shunaqaligi faktini qabul qilganini bildirgan. Ukasi va singlisiga esa achinishini yozgan.
“Biz besh yildan beri gaplashmayotganimizga qaramay, mening ichki sezgim juda kuchli va hech qanday aloqa qilmasam-da, qandaydir tarzda uning hayotida nimalar yuz berayotganini bilib turaman.
Vaqt o‘tishi bilan o‘zaro munosabatlardagi muammolar ko‘payib bordi. Men qachon yarashishimiz mumkinligini bilmayman, chunki uni borgan sari tanimay qolyapman... Eshitganlarimga ko‘ra, u o‘zidan qochadigan va omma e’tiborini qozonish uchun ko‘p narsaga qo‘l uradigan odamdek ko‘rinmoqda”, deb yozdi u.
Maryam Tillyayeva oilasining tarixi murakkab ekanini, ba’zi voqealarni esa buvisi Tatyana Karimova va boshqa qarindoshlariga hurmat yuzasidan oshkor eta olmasligini qayd etgan.
Shuningdek, Maryam Tillyayeva onasi Lola Karimova-Tillyayevaning unga qarshi nosog‘lom raqobat qilishga urinishini his qilishini ham qo‘shimcha qilgan.
“Bu so‘zlarim, albatta, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi: axir men qanday qilib unga raqobatchi bo‘lishim mumkin? U meni dunyoga keltirgan bo‘lsa, men 50 foiz onam, 50 foiz otamman”, deb yozadi bloger.
Blogerning obunachilaridan biri esa Maryamning oilasiga havas qilmasligini, bunday oilani hech kimga ravo ko‘rmasligini yozgan. Manyam Tillyayeva ham uning fikriga qo‘shilib, do‘stlari ham unga havas qilmasligini bildirgan.
“Nima bo‘lganda ham, yuqori mansab va pul kabilar asab, ko‘z yoshlar va oilaviy mojarolarga arzimaydi.
Men o‘zim uchun qaror qilganman: bundan keyin hayotimdan faqat zavqlanib yashayman, o‘zim istagan ishni qilaman. Ochig‘i, kim nima desa ham menga farqi yo‘q. Men yaqinlarimning xatti-harakatlari uchun javobgar emasman va aniqki Tereza ona emasman, hammani qutqarish yoki yarashtirish vazifam emas. Men shunchaki o‘z hayotimni yashayman va o‘z oilamni quraman”, deb yozadi Maryam Tillyayeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lola Karimova-Tillyayeva Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan “O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bu Islom Karimovning dono siyosati sabab” ekanini aytib chiqqandi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa Lola Karimovaga “singlimiz” deya murojaat qilib, otasining xatolarini eslatib, unga "Qichimagan joyni qashlamaslikni” maslahat bergan edi. Lola Karimova-Tillyayeva bunga javob qaytarib, otasini hurmat qilmaydiganlarga singil emasligini aytdi.
Karimovlar oilasi va nizolar
2016 yil O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etganidan keyin uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yilning o‘zidayoq jinoiy javobgarlikka tortilib, uy qamog‘iga olingani ma’lum bo‘lgandi. Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay, 2018 yilda u yashab turgan uyidan sud tomonidan belgilangan qoidalarni buzgani uchun umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazildi va hozirgacha Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyada qolmoqda.
Gulnora Karimova hibsga olingach, uning o‘g‘li Islom Karimov va qizi Imon Karimova Londonga ko‘chib o‘tdi. Kichik Islom Karimov oila qurdi, o‘g‘il ko‘rdi, ammo O‘zbekistonga kelmadi. Qizi Imon O‘zbekistonga serqatnov.
2016 yildan keyin Lola Karimova turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tdi. U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mahsulotlari brendiga ham asos solgan.
Islom Karimovning dafn marosimida oila nomidan faqat uning bevasi Tatyana Akbarovna Karimova va kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva ko‘rinish berdi, xolos. Oilaning boshqa a’zolari janoza marosimlarida ishtirok etmadi. Faqat Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova oila a’zosi sifatida 2017 yilning 31 avgust kuni Oqsaroy majmuasida o‘tkazilgan xotira marosimida xolasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan ishtirok etdi.
Karimovlar oilasidagi nizolar fakti bugun oshkor bo‘layotgani yo‘q. 2016 yilda Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov ham Londondan turib BBC'ga bergan intervyusida onasi Gulnora Karimova xolasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan gaplashmasligi, ularning aloqasi Gulnora Karimova qamalmay, Prezident Karimov o‘lmay uzilganini aytib chiqqan edi.
“Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo‘lib kelgan. Yagona muammo shuki, men bunda ko‘proq bobomni ayblayman. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan. Oyim sport bilan shug‘ullangan, qora kamar olgan. O‘z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin, nega? O‘ylaymanki, sababi – bobom butun umr xolamga gapirgan “Nega opangga o‘xsholmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o‘qimaysan? Nega “U” bo‘lolmaysan?”
Men o‘z qizlariga bunday munosabat qilish noto‘g‘ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o‘ylayman. Lekin, fakt shuki, bu unga ta’sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun, unda kompleks paydo bo‘lgan. Mana hozir jamg‘arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg‘arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo‘q. Butun umr o‘zaro poyga bo‘lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko‘rsatishga intilgan. O‘ylashimcha, nafrat shunday paydo bo‘lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko‘pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo‘lyapti”, degan edi kichik Islom Karimov.
Gulnora va Lola o‘rtasidagi adovat ularning farzandlarida ham davom etgan. Opa-singillarning qizlari ham aloqa qilmagan, faqat bu adovatga 2022 yilda barham berilgan. Gulnoraning qizi Imon va Lolaning qizi Maryam 8 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonda tasodifan uchrashib qolishi ortidan ularning munosabatlari tiklangan. Bungacha Imon Karimovaning munosabatlari buvisi Tatyana Karimova bilan ham yaxshi bo‘lmagani haqida gaplar yurardi.
Shuningdek, 2018 yilning oktyabr oyiga kelib, Imon Karimova ijtimoiy tarmoqlar orqali: “Xolangiz bilan aloqangiz bormi?”, deya yo‘llangan savolga, qo‘l siltab javob berib, munosabatlari uzilganini oshkor qilgan edi.
Lola Karimovaning qizi Maryam Tillyayeva o‘tgan yilning o‘rtalaridan boshlab jamoatchilik og‘ziga tushgan. U 2021 yilning aprel oyida rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqdi. Keyin Moskvada yashadi, blogerlik faoliyatini boshladi. O‘sha vaqtda Maryam o‘zbekona bo‘lmagan xatti-harakatlari, o‘zbek tilini bilmasligi bilan tanqidlarga uchradi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning kiyimsiz surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Buni jamoatchilik faollari bobosining xotirasiga hurmatsizlik sifatida baholadi. Lola Karimova qizining xatti-harakatlarini Islom Karimovning prezidentlik faoliyati va g‘oyalari bilan bog‘lamaslikni so‘radi. Maryamning o‘zi esa bu suratlarni turmush o‘rtog‘i tarqatganini aytib chiqdi va 2022 yilning fevral oyida Sardarov bilan ajrashganini ochiqladi. O‘sha paytning o‘zida nabira kuyov Amiran Sardarov ham Maryamning ota-onasi qizi bilan muloqotni to‘xtatganini aytib chiqqandi. Hozirda esa u boshqa yigit bilan turmush qurishga ahdlashgan va buni shu yil yozda ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qildi.
Tatyana Karimova bu gap-so‘zlardan yiroq. U odatda Islom Karimovning xotira tadbirlarida ko‘rinish beradi va so‘nggi paytlarda uni Imon Karimova va Maryam Tillyayevaning Instagram kontentlarida ko‘rish mumkin.
Live
Barchasi