Mashhur bokschining sobiq xotini qidiruvga berildi
Sport
−
31 Oktabr 48652 2 daqiqa
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi bokschi Dmitriy Bivolning sobiq rafiqasi Yekaterina Bivolni qidiruvga berdi. Bu haqda “Tengrinews” vazirlik matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Vazirlik hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan, biroq qaysi hodisa uchun ekani ochiqlanmagan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Yekaterina Bivol oldinroq ijtimoiy tarmoqqa turli millat vakillari haqida haqoratomuz so‘zlarni aytgan videoni joylashtirgan edi. O‘tgan hafta Qirg‘izistonda uni hibsga olish uchun order chiqarilgan. Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, ish Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 330-moddasi (irqiy, etnik, milliy yoki mintaqalararo adovatni (nifoq) qo‘zg‘atish) bo‘yicha ochilgan. Ushbu moddaning jazosi besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir. Ko‘pchilik foydalanuvchilar ayolning xatti-harakatini qoralab, uning gaplari hurmat va bag‘rikenglik tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.
Bundan ham oldin u sobiq erining oilasi haqida nomaqbul fikrlar bildirgan, xususan, bokschining onasini “do‘zaxning urug‘i” deb atagan.
Qirg‘izistonda tug‘ilgan rossiyalik professional bokschi, yengil vazn toifasida WBA chempioni Dmitriy Bivol va uning sobiq rafiqasi Yekaterina 2007 yildan beri birga edi, 2014 yilda turmush qurgan va birga o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Er-xotin 16 yillik turmushdan keyin 2023 yilning iyun oyida ajrashdi, ammo janjal keyinroq avj oldi va ijtimoiy tarmoqlarda, sudda ommaviy ayblovlar va o‘zaro da’volar bilan shu kungacha davom etmoqda. Yekaterina Dmitriyni suiiste’mol qilish, xiyonat va moliyaviy firibgarlikda aybladi, u esa uning xatti-harakatlarini axloqsizlik deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan boks oqshomi markaziy jangida birinchi og‘ir vazn toifasida Dmitriy Bivol Artur Beterbiyevni mag‘lub etgandi va mutlaq jahon chempioniga aylangandi.
Live
Barchasi